
Siyosat
Yoshlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan asosiy tadbir doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari taqdimot qilindi. Masalan, “Yosh innovatorlar” koʻrgazmasida muhandislik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, uchuvchisiz qurilmalar namoyish etildi. “Yashil” tashabbuslar” maydonchasida ekologiya, muqobil energetika, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga oid ishlanmalar, “Kreativ loyihalar” boʻlimidan hunarmandlik, dizayn, tasviriy sanʼat, video va prodyuserlik faoliyatidagi yutuqlar oʻrin olgan. “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” maydonchasida ushbu yoʻnalishdagi muvaffaqiyatli loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Jumladan, toshkentlik Rustam Hamdamovning “Billz” dasturi kichik va oʻrta biznesni avtomatlashtirishga yordam beradi. Hozirgacha bu loyihaga Buyuk Britaniya, Singapur, Turkiya ishbilarmonlari 6 million 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan. Qoraqalpogʻistonlik yosh fermer Sherzod Niyazimbetov organik pomidorlar yetishtirib, quyoshda quritib va qadoqlab, Italiya hamda Fransiya kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Uning korxonasida 200 nafarga yaqin xodim ishlamoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yildagi qarori bilan tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi bugungi kunda 7 mingdan ziyod yosh olimlarni birlashtirgan. Koʻrgazmada ular uchun keng oʻrin ajratilgan. Toshkentlik Sayfullo Qodirov ekin maydonlarini raqamli xaritalash va yuqoridan dori sepish imkonini beruvchi dronlar yasagan.
Olimlar orasida “Raqamli avlod qizlari” tanlovi gʻolibalari koʻpligi ham diqqatga sazovor. Xorazmlik Lobar Abdullayeva onkologik kasalliklarga sunʼiy intellekt orqali tashxis qoʻyishga moʻljallangan “AI Scan” dasturini ishlab chiqqan. Qoraqalpogʻistonlik Qumara Sagidullayeva quyosh energiyasida yuruvchi kichik traktor, toshkentlik Abdulloh Jamoliddinov bogʻni avtomatik sugʻorish tizimini ixtiro qilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur taqdimotlar bilan tanishib, ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildi.
– Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat, mamlakatimiz kelajagiga tayanch. Bugun farzandlarimiz zamonaviy yoʻnalishlarni egallab, ancha ilgarilab ketyapti. Ularni qoʻllab-quvvatlasak, sifatli taʼlim berib, sharoit yaratsak, bundan ham katta natijalarga erishadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ixtirochi yoshlarni tegishli vazirliklarga biriktirib, loyihalarini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q