“Mas’uliyatli va sharafli mehnatingizdan baraka toping” – Prezident OAV xodimlariga tabrik yo‘lladi

Saqlash
10:24 / 27.06.2025 65 0

Shavkat Mirziyoyev 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

 

Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan matbuotida, teleradiokanallar, internet nashrlari, nashriyot va matbaa korxonalarida, axborot xizmatlari va platformalarida o‘z burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, hurmatli jurnalistlar, muhtaram faxriylarni, barcha ijodiy va texnik xodimlarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman” — deyiladi tabrik avvalida.

 

Davlat rahbari global ijtimoiy-siyosiy jarayonlar beqiyos shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi o‘ta murakkab va notinch dunyoda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ta’siri har qachongidan ham kuchli ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

 

“Shu ma’noda, bepoyon mediaolamda xolis va haqqoniy axborot tarqatish bilan birga, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qiladigan jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyoslasak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi”, — deyiladi tabrikda.

 

“Ushbu qutlug‘ ayyomda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy ishlarga o‘z iste’dodi, professional mahorati bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan ommaviy axborot vositalarining barcha xodimlariga xalqimiz nomidan yuksak hurmat va ezgu tilaklar izhor etish men uchun katta sharafdir”, — deya ta’kidlagan davlat rahbari.

 

“Atoqli jadid bobomiz Hoji Muin aytganidek, „Matbuot tarixi — Uyg‘onish davri tarixining bir bo‘lagidir“. Biz keyingi yillarda, ulug‘ ajdodlarimiz boshlab bergan ibratli an’analarni davom ettirib, demokratik jamiyatning muhim sharti va tamoyili bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratmoqdamiz”, — deya qayd etgan prezident.

 

Ta’kidlanishicha, shunday yondashuv tufayli media makonimizga ilg‘or loyiha va texnologiyalar, yangicha mulkiy munosabatlar kirib kelmoqda. Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 2 ming 400 ga yaqin ommaviy axborot vositalarining 65 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelayotgani, xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari tobora ortib, ulardan foydalanuvchilar soni 14,7 milliondan 32,7 millionga yetgani, axborot kontentlarini yaratuvchilar safi kengayib borayotgani, shubhasiz, mamlakatning media sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

 

“O‘zgarishlarning davomi sifatida yaqinda Bolalar kontentini rivojlantirish markazini tashkil etdik. Ushbu markaz yosh avlodimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni ezgulik va ma’rifatga oshno etish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlab yuborgani albatta e’tiborlidir. Bu haqda gapirganda, onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ham qayd etish lozim”, — deya qayd etgan prezident.

 

Prezident hozirgi vaqtda sun’iy intellekt texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani jurnalistika uchun katta imkoniyatlar ochish bilan birga, bu boradagi ishlarni zamon talablariga mos holda yo‘lga qo‘yishni talab etayotganini qayd etdi.

 

“Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, aholi o‘rtasida axborot, bahs va muloqot madaniyatini shakllashtirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur”, — deydi davlat rahbari tabrikda.

 

Davlat rahbari u yil “Oltin qalam” milliy mukofoti birinchi marta 27-iyunda — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida topshirilayotganini qayd etdi.

 

“Fursatdan foydalanib, bugun sizlarning ishtirokingizda tantanali ravishda taqdirlanadigan barcha tanlov g‘oliblarini va yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Sizlarning har biringiz kelgusida o‘z tajriba va mahorat maktabingizni yaratib, milliy jurnalistikamiz ravnaqiga yanada katta hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman”, — deyiladi tabrikda.

 

“Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi”, — deya yakunlangan tabrik.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//