Senat O‘zbekiston Vena konvensiyasiga qo‘shilishini ma’qulladi

Saqlash
10:08 / 27.06.2025 46 0

O‘zbekiston senatorlari yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishini ta’minlash ko‘zda tutilgan Vena konvensiyasiga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

 

26-iyun kuni Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963-yil 21-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonuni ma’qullanib, prezidentga imzolash uchun yuborildi. Qonunchilik palatasi qonunni 27-may kuni qabul qilgandi.

 

Yalpi majlisda maruzachi senator Jamila Bobanazarova 1963-yil 21-mayda qabul qilingan Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini atom energiyasi xalqaro agentligi homiyligida ishlab chiqilgan asosiy xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanishini eslatdi.

 

Mazkur Konvensiya muqaddima va 29 ta moddadan iborat bo‘lib, 1963-yil 21-may kuni qabul qilingan. Hozirgi vaqtda Konvensiyaga 47 ta davlat, shu jumladan, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ukraina, Armaniston va boshqa davlatlar a’zo hisoblanadi.

 

Vena konvensiyasining maqsadi — yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.

 

Konvensiyaga muvofiq operatorning yadroviy zarar uchun mutlaq javobgarligi belgilangan. Agar zarar qurolli mojaro, fuqaroviy urush, isyon yoki favqulodda tabiiy ofatlar natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, yoxud yadroviy inshootning o‘ziga yoki operatorga tegishli mulkka zarar yetkazilgan bo‘lsa, operator javobgarlikdan ozod etiladi.

 

Konvensiya yadro qurilmasi operatorining fuqarolik javobgarligining minimal chegarasini 5 million AQSh dollari miqdorida belgilaydi. Bunda dollar tushunchasi 1963-yil 29-apreldagi rasmiy oltin pariteti bo‘yicha belgilangan qiymatni anglatadi, ya’ni bir troy unsiya sof oltin 35 AQSh dollariga teng bo‘lgan.

 

Shu bilan birga, Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan davlat milliy qonunchiligida yadro qurilmasi operatorining fuqarolik javobgarligi chegarasini belgilab qo‘yishi shart. Buning uchun u moliyaviy javobgarlikning aniq miqdorini va uni ta’minlash tartibini belgilovchi tegishli ichki me’yoriy-huquqiy hujjatni qabul qilishi lozim.

 

Ma’lumot uchun, 1963-yildagi oltin pariteti asosida belgilangan 5 million AQSh dollari bugungi kunda taxminan 480 million AQSh dollariga teng bo‘lmoqda.

 

Ta’kidlanishicha, da’volarni topshirish muddati yadroviy hodisa yuz bergan paytdan boshlab 10 yil bilan cheklanadi. Bundan tashqari, Konvensiya yadroviy hodisa sodir bo‘lgan davlat hududidagi milliy sudlarning yurisdiksiyasini zararni qoplash to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rib chiqishda yagona vakolatli organ sifatida tan oladi.

 

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi:

 

     – davlatlarning yadroviy zarar uchun global fuqarolik javobgarligi tizimida ishtirok etishi;

     – kompensatsiya berishning aniq huquqiy mexanizmlari joriy etilishi;

     – milliy qonunchilikning xalqaro majburiyatlar bilan muvofiqlashtirilishini ta’kidlaydi.

 

Konvensiyaga qo‘shilgandan so‘ng, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yadroviy zarar yetkazganlik uchun uchinchi shaxslar oldidagi fuqarolik-huquqiy javobgarligining o‘ziga xos xususiyatlarini, uni moliyaviy ta’minlash mexanizmini, yadroviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha sud ishlarini yuritishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydigan, shuningdek, radiatsiyaviy ta’sirdan zarar ko‘rgan jismoniy va yuridik shaxslarning, bundan tashqari atrof tabiiy muhit obyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning moliyaviy kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan “Yadroviy zarar yetkazilganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik va uning moliyaviy ta’minoti to‘g‘risida”gi alohida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish talab qiladi.

 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Vena konvensiyasiga qo‘shilganidan so‘ng, yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro shartnomalarga, xususan:

 

     – “Yadro avariyalari yoki radiatsiyaviy avariya holatlarida yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Konvensiya” (Vena, 1986-yil 26-sentabr);

     – “Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish to‘g‘risidagi Konvensiya” (Vena, 1986-yil 26-sentabr);

     – “Yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi Konvensiya”ga (Vena, 1994-yil 17-iyun) qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan joriy yilda:

     – “Kimyoviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi;

     – “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi;

     – “Radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

 

“O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi avvalambor, Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga va uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlarini jadallashtiradi”, — deya ma’ruzani yakunladi Jamila Bobanazarova.

 

Muhokama vaqtida senator Dilbar Suvonova O‘zbekiston ushbu konvensiyaga qo‘shilgandan so‘ng qanday huquqiy majburiyatlar olishi haqida savol berdi. Savolga “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxadjayev javob berdi.

 

“O‘zbekiston Vena konvensiyasiga qo‘shilish orqali, birinchidan, yadroviy obyektlaridagi avariyalar uchun operatorlarning fuqarolik-huquqiy javobgarligini kafolatlaydi. Ikkinchidan, jabrlangan shaxslarga kompensatsiya to‘lanishi ta’minlanadi. Keyingi, zararni qoplash uchun sug‘urta, davlat kafolati yoki maxsus jamg‘arma mexanizmlari joriy etiladi va xalqaro huquqiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi va investorlar hamda fuqarolar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytiradi”, — deya javob berdi Axmedxadjayev.

 

Senator Mahmudjon Toirov yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen hodisalar natijasida aholi va atrof-muhitga yetkazilgan zararlarni baholash, kompensatsiya to‘lash, xalqaro huquqiy va fuqarolik javobgarligini ta’minlash yuzasidan qanday xalqaro standartlar hamda huquqiy yoki institutsional mexanizmlarni joriy etish rejalashtirilayotgani bilan qiziqdi.

 

“Texnogen hodisalarda va tabiatga yetkazilgan zararni baholash va kompensatsiya berish uchun, birinchidan, Vena konvensiyasi va MAGATE standartlari asosida sug‘urta, maxsus jamg‘arma, davlat kafolati kabi mexanizmlar joriy etiladi. Keyin sud va ma’muriy tartib-taomillar orqali da’volarni hal qilish tizimlari yaratiladi. Va uchinchidan, jahon amaliyotini biz o‘rganib chiqdik. Belarus, Qozog‘iston, Rossiya tajribalarini o‘rganib chiqqanimizda, demak, jahon amaliyoti asosida fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash tartibi ham joriy qilinadi”, — deya javob qaytardi “O‘zatom” rahbari.

 

Senator Abdusaid Ko‘chimov “O‘zatom” rahbariga navbatdagi savolni berar ekan, mamlakatda yadro xavfsizligini ta’minlash, avariyalarning oldini olish va xalqaro xavfsizlik normalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha qanday aniq choralar ko‘rilayotgani va qanday normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotgani haqida qiziqdi.

 

“Mamlakatimizda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi yadro xavfsizligini nazorat qiluvchi vakolatli organ hisoblanadi. Demak, qo‘mita tomonidan MAGATE standartlari asosida normativ hujjatlar ishlab chiqilmoqda va 2025−2026-yillarda 25 ta hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan. O‘sha hujjatlarning ichida bir qator chora-tadbirlar ham o‘z inobatiga olingan. Demak, chora-tadbirlar qatorida yadroviy qurilmalar xavfsizligini ta’minlash bor. Keyin radiatsiya monitoringi, avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalashtirilgan. Hamda texnogen hodisalarni tahlil qilish kiritilgan”, — dedi Azim Axmedxadjayev.

 

Senat raisi Tanzila Narbayeva Azim Axmedxadjayevga yana qaysi tashkilotlar “O‘zatom” bilan birgalikda ishlashi kerakligi haqida savol berdi.

 

“Bu yerda bir qator davlat tashkilotlari bilan biz ishimizni tashkillashtirishimiz kerak bo‘ladi. Bu nafaqat Atom energetikasi agentligi va men aytgan qo‘mita, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan birgalikda, hamda bu yerda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham ishlashi kerak, FVV va boshqa muhofaza qiluvchi organlar bilan ishlashimiz kerak bo‘ladi”, — deya javob berdi agentlik rahbari.

 

“Lekin umumiy olganda, asosiy biz standartlarni ko‘rishimiz uchun, biz bu yerda MAGATE bilan ishlashimiz kerak bo‘ladi va alohida-alohida ishchi guruhlar tuziladi ular bilan. Biz mana MAGATE bilan alohida yo‘l xaritasini qildik. O‘shanga yaqin orada qo‘l qo‘yamiz. O‘sha yo‘l xaritasi o‘z ichiga, demak, tegishli mas’ul tashkilotlarni belgilagan va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga ham bu yerda ko‘rsatib ketilgan”, — deb so‘zini yakunladi Axmedxadjayev.

 

Senator Jamila Bobanazarova

 

азим ахмедхаджаев, вена конвецияси, сенат, o‘zatom

 

азим ахмедхаджаев, вена конвецияси, сенат, o‘zatom

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//