Senat muxolifat huquqlarini kengaytirishga doir qonunni maʼqulladi

Saqlash
09:23 / 26.06.2025 64 0

 

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ushbu qonun soʻz erkinligini taʼminlash, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi oʻrnini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 ta qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritmoqda.

 

Unga koʻra, oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar ham oʻsha masalaga doir qonun loyihasining yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish kabi qoʻshimcha huquq berilmoqda.

 

Shuningdek, ushbu fraksiyaning vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qoʻmita raisi va ikki nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda “hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida masala kiritishi ham nazarda tutilmoqda.

 

Senatorlar ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi qonun ijodkorligi va parlament nazorati samaradorligini oshirishga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muxolifatning kafolatli huquqlarini kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

 

 

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//