“Biz AQSh bilan hamkorlikni boshlamaymiz, davom ettiramiz” — Abdulaziz Komilov

Saqlash
18:29 / 31.05.2025 130 0

Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibining oʻrinbosari, prezidentning tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Ishonch.uz saytiga “Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosatiga chizgilar” mavzuida intervyu berdi. Intervyu davomida tomonlar asosan Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorligi va ular oʻrtasidagi munosabatlar tarixi hamda xalqaro munosabatlar istiqbollar haqida soʻz yuritadi.

 

Xususan, jurnalist Abdulaziz Komilov rahbarligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining AQShga borib kelgani va bu tom maʼnoda mamlakat rasmiy delegatsiyasining yangi Amerika maʼmuriyati bilan birinchi muloqoti boʻlgani haqida soʻradi. AQSh tashqi siyosatida oʻzining formatlarini butunlay oʻzgartirayotgan bir vaqtda bu tashrif ikki tomonlama strategik muloqotning ilk poydevori boʻlishi haqida Abdulaziz Komilov shunday deydi:

 

“Mana, Amerikada Prezident saylovlari oʻtdi, yangi administratsiya tashkil boʻlyapti, hukumat aʼzolari tayinlanyapti. Va koʻp yillar mobaynida hech oʻzgarmagan tashqi ishlar siyosatining ustuvor, dolzarb yoʻnalishlarida, hattoki katta, yirik davlatlar bilan, Yevropa, NATO davlatlari bilan oʻzaro va boshqa mintaqalar bilan oʻzgarishlar boʻlyapti. Shuning uchun bizda ham shu savol tugʻildi:

 

“Mana, yangi administratsiya keldi, koʻp narsa oʻzgaryapti. Biz AQSH bilan oʻz siyosatimizda, hamkorligimizda qanday qilib davom etamiz?”

 

Albatta, biz mana shunday katta davlat bilan aloqalar rivojlanishidan manfaatdormiz. Nega?

 

Birinchidan, Amerika bu eng katta iqtisodiy salohiyatga ega, harbiy nuqtayi nazardan eng kuchli davlat. Buni Soʻnggi yillar Amerika yalpi ichki mahsulotining hajmi 29 trillion boʻlgan. Bu yil faqat harbiy byudjeti 1 trillion (1000 milliard).

 

Bizning oramizda qandaydir siyosiy muammolar yoʻq. Avval inson huquqlari, majburiy mehnat, diniy erkinliklar degan muammolar bor edi, deyishardi. Bularning hammasini biz kun tartibidan olib tashladik. Koʻp qarorlar qabul qildik. Masalan, bolalar paxtaga bormayapti, ajoyib boʻldi, buning oʻrniga oʻqishyapti.

 

Bizning delegatsiya haqiqatan saylovdan keyin birinchi boʻlib bordi. Bundan maqsad — maslahat oʻtkazish edi. Bizning delegatsiyani Oq uyda, Senatda, Xavfsizlik kengashida, Kongressda juda iliq qabul qilishdi. Bunga qoʻshimcha ravishda, biznes doiralar bilan ham uchrashdik. Ular Oʻzbekistonga katta qiziqish bildirishini taʼkidlab aytdi.

 

Hamkorlikning davomiyligi

 

Nima uchun davomiyligi deyapman, chunki biz bu aloqalarni boshidan boshlamaymiz. 2018-yilda hurmatli Shavkat Miromonovichning AQShga tarixiy tashriflari boʻldi. Nega tarixiy, deganda oʻsha vaqtda janob Prezident Donald Tramp va Shavkat Miromonovich ikkovlari kelishib, strategik hamkorlikning yangi davrini ochib berishdi. Hozir boʻlsa, oʻsha kelishuvlarni davom ettiramiz. Qandaydir katta oʻzgarishlar yoki oldingidek Oʻzbekistonga tanqid yo eʼtirozlarga hozir hech qanday sabab yoʻq.

 

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning mintaqadagi rolini katta baholab, ayniqsa, Markaziy Osiyoda olib borilayotgan Prezident siyosatini qoʻllab-quvvatlab, ular bizga Oʻzbekiston ular uchun juda muhim davlat ekanini taʼkidlab aytishdi.

 

Shuning uchun bir katta kun tartibi yaratildi va biz AQSh bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz” — deya tegishli savolga javobini yakunlaydi Abdulaziz Komilov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//