Internet foydalanuvchilari huquqlarini himoya qilishga oid qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi

Saqlash
11:16 / 12.05.2025 57 0

“Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.

 

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi borasida qonunchilikda aniq normalar mavjud emasligi, axborot tarqatishga oid talablar esa milliy qonunchilikda tizimli va yetarli darajada tartibga solinmagani, tarqoq holda belgilangani mazkur hujjat qabul qilinishiga sabab boʻlgan.

 

Ushbu jarayonda Internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish borasida rivojlangan davlatlar ijobiy amaliyoti oʻrganilgan. Jumladan, Yevropa Ittifoqi “Raqamli xizmatlar toʻgʻrisida”gi qonuni orqali onlayn platformalar uchun yuqori standartlarni joriy etgan. Germaniyada esa 2 mln nafardan ortiq foydalanuvchiga ega platformalarga noqonuniy kontentni 24 soat ichida oʻchirish majburiyati yuklangan. Fransiya internetda nafrat, terrorizm va bolalar pornografiyasiga qarshi qatʼiy choralar koʻrishni, Turkiya xorijiy IT kompaniyalarga mahalliy vakil tayinlashni talab etgan. Qozogʻiston blogerlar va platformalar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan huquqiy asosni shakllantirgan.

 

Oʻzbekistondagi “Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham Internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish zaruratidan kelib chiqib, turli davlat va jamoat tashkilotlari, media sohasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqildi.

 

Unda onlayn-platformalar sohasidagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtirilib, tartibga solishdagi mavjud boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.

 

Qonun loyihasining asosiy maqsadlari va prinsiplari quyidagicha:

 

▪️ qonuniylik – onlayn muhitdagi barcha faoliyat qonun doirasida amalga oshiriladi;

 

▪️ foydalanuvchilar huquqlarining ustuvorligi – foydalanuvchilarning maʼlumot olish, fikr bildirish va xavfsiz internetdan foydalanish huquqlari taʼminlanadi;

 

▪️ senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi – qonun bilan taqiqlanmagan kontentga nisbatan erkinlik kafolatlanadi;

 

▪️ shaffoflik va xavfsizlik – noqonuniy kontentning tarqalishiga qarshi kurashiladi va shaxsiy maʼlumotlarning xavfsizligi taʼminlanadi.

 

Xabarga koʻra, qonun loyihasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ommaviy axborot vositalarining Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ularning faoliyati “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonun bilan tartibga solingan.

 

Ammo hujjatda vakolatli organ bilan tizimli ravishda hamkorlik qilmay kelayotgan onlayn-platformalarga Oʻzbekiston hududida kirish tezligini sud qarori asosida pasaytirish nazarda tutilmoqda. Butunlay bloklash amaliyotidan voz kechilmoqda.

 

Bundan tashqari, Qonun loyihasida onlayn-platforma va veb-saytlardagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, amaldagi qonunchilikdagi blogerlarga majburiyat sifatida koʻrsatilgan, bajarishi qiyin boʻlgan normalar qayta koʻrib chiqilgan.

 

Shuningdek, qonun loyihasiga bilan anonim profillarga, kanal va guruhlarga qarshi kurashishning zamonaviy yechimi taklif etilmoqda.

 

Muhim jihatlardan biri esa fishing va spam resurslar ham noqonuniy axborot (kontent) jumlasiga kiritilmoqda.

 

Jamoatchilik muhokamasi 27-mayga qadar davom etadi.

 

Maʼlumot uchun, 2017/2025-yillarda Oʻzbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 14,7 mln nafardan 32,7 mln nafarga oshgan. Eng ommabop platformalar orasida oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning soni:

▪️ “Telegram”da 28 mln nafar;

▪️ “Odnoklassniki”da 19,2 mln nafar;

▪️ “Facebook”da 2,3 mln nafar;

▪️ “VKontakte”da 1,5 mln nafar;

▪️ “LinkedIn”da 850 ming nafar;

▪️ “Twitter”da 250 ming nafar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//