Bosh vazir eronlik ishbilarmonlarga Oʻzbekistondagi sanoat zonalaridan foydalanishni taklif qildi

Saqlash
10:25 / 12.05.2025 67 0

11-may kuni Tehron shahrida Oʻzbekiston–Eron biznes forumi boʻlib oʻtdi.

 

Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov soʻzga chiqqan.

 

Aripovning taʼkidlanishicha, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro savdoda barqarorlik kuzatilmoqda. Xususan, tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollarga yetgan boʻlsa, qoʻshma korxonalar soni 210 dan oshgan.

 

Mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, yangi oʻsish nuqtalari belgilangan. Umuman olganda, 1 mlrd dollarlik loyiha portfeli va savdo kelishuvlari shakllantirilgan.

 

Xabarga koʻra, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda 70 mlrd dollardan ziyod xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan. Xalqaro moliya institutlarining 14 mlrd dollardan ortiq mablagʻi esa ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilingan.

 

2030-yilga borib “yashil” energiya manbalarining energetikadagi ulushini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan.

 

“Oʻzbekiston mineral resurslar va noyob foydali qazilmalarning katta zaxiralariga boy mamlakat hisoblanadi”, degan Aripov.

 

Bosh vazir nutqi davomida Oʻzbekiston dunyodagi koʻplab davlatlar bilan imtiyozli savdo tizimiga ega ekanini maʼlum qilgan va eronlik ishbilarmonlarni Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlardan keng foydalanishga taklif etgan.

 

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston–Eron biznes forumida qatnashish uchun Oʻzbekistondan 100 nafardan ziyod tadbirkor, vazirlik va idoralar vakili oʻzlarining turli yoʻnalishdagi ilgʻor taklif va tashabbuslari bilan qatnashib, “B2B” shaklda muzokaralar olib borgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//