
Madaniyat
Oʻzbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda oʻzbek tilini noldan oʻrgatuvchi “Uzbek Language: Complete Self-Study Guide in 22 Lessons” nomli qoʻllanma chop etildi.
Xabarga koʻra, darslik grammatikani chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitishga moʻljallangan boʻlib, qiziquvchilar u yordamida oʻzbek tilini mustaqil oʻrganishi mumkin.
Kitob Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari tavsiyalarini inobatga olgan holda tayyorlangan.
Qoʻllanmaning kirish qismida oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, uning oʻzgarish bosqichlari hamda oʻzbek xalqining shakllanish tarixi haqida ham soʻz yuritilgan.
Darslikning asosiy qismidagi 22 ta darslar murakkab mavzularni boshqa qoʻllanmalar kabi alohida-alohida, toʻliq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni oʻrganish uchun eng zarur boʻlgan qoidalar va konstruksiyalarni oʻrgatishga bagʻishlangan.
Masalan, xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, oʻzbek tilidagi feʼl zamonlari, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda, ingliz tiliga qiyoslab, sodda koʻrinishda tushuntirilgan.
Har bir dars soʻngida qisqa mashqlar va matnlar keltirilgan. Bunda oʻrganuvchiga yuk boʻlmasligi uchun mashqlar soni koʻpaytirilmagan.
Qoʻllanma oxirida til oʻrganishni osonlashtiruvchi qoʻshimcha qismlar ham kiritilgan.
Taʼkidlanishicha, qoʻllanmada oʻzbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda unga xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan baʼzi keng foydalaniladigan oʻzlashma soʻzlar ham ilova qilingan. Shuningdek, kitobda oʻzbek xalqi orasida ommalashgan sheʼr va qoʻshiqlar kiritilgan boʻlib, ulardagi murakkab soʻzlarga bevosita sharhlar ham berilgan.
Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun Oʻzbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumlar ham mavjud.
Qoʻllanma soʻnggida 2500 dan ortiq faol qoʻllaniladigan soʻzlar asosida oʻzbekcha-inglizcha lugʻat chop etilgan.
Xabarda yozilishicha, Elchixona tashabbusi bilan nashrga tayyorlangan mazkur kitob Misrdagi kutubxonalar, oʻzbek tilini oʻrganayotgan Qohira universiteti talabalari orasida tarqatilmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali oʻzbek tili oʻqitiladigan xorijiy universitetlarga ham qoʻllanmani yetkazib berish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, mazkur qoʻllanma boshqa davlatlardagi oʻquvchilar uchun Amerika, Yevropa va Osiyodagi AMAZON platformalarida ham elektron va rangli bosma kitob shakllarida joylashtirilgan, “Google Books” va “Google Play” platformalarida esa ilova shaklida topish mumkin.
Shuningdek, mazkur darslik rus tiliga ham tarjima qilinib, loyiha nusxasi “Узбекский язык: Полный курс за 22 урока” nomi bilan LITRES platformasida elektron shaklda mavjud.
Ushbu qoʻllanma hozirda arab tiliga ham tarjima qilinmoqda”, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q