
Iqtisod
Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 24-apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14,0 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Taʼkidlanishicha, soʻnggi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichlari inflyatsion jarayonlar va vaziyatning muallaq holatda qolayotganini koʻrsatmoqda. Yalpi talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayib borishi bilan bogʻliq xatarlar pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy, joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etmoqda.
“Ushbu qaror inflyatsiya koʻrsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va oʻrta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya koʻrsatkichi 7-8 foizlik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.
Joriy yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda soʻm almashuv kursining savdo hamkor davlatlar valyuta kurslariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi oʻzining oʻrta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.
Pul-kredit sharoitlari joriy qatʼiylik darajasining saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi oʻsishining moʻtadillashuvi va depozitlarning yuqori oʻsish surʼatlari davom etishini taʼminlab yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi xususiyatga ega boʻladi.
Asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 14,0 foiz darajasida qoldirishdan maqsad oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlashdir.
Markaziy bank tomonidan oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.
May oyida kutilayotgan energiya narxlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi taʼsirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 12-iyun kuniga belgilangan.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q