Haj va Umra ziyoratlari uchun yagona portal ishga tushadi

Saqlash
09:01 / 22.04.2025 52 0

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 1-sentabrga qadar “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqadi. Bu prezidentning diniy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga doir farmonida belgilangan.

 

Hujjatga ko‘ra, portal diniy-ma’rifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, Haj va Umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartiblarni bartaraf etish maqsadida yaratiladi.

 

Portal Haj tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda Umra tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladigan tizim hisoblanadi.

 

Portalda Haj va Umra faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi. Vazirlik va idoralar qo‘mita so‘roviga ko‘ra o‘zining axborot tizimlari portalga integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

 

Qo‘mita portal faoliyatini moliyalashtirishga, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar uchun foydalanish imkoniyatini yaratishga mas’ul davlat organi hisoblanadi.

 

U, shuningdek, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining portaldan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//