
Jamiyat
Soʻnggi kunlarda oʻzbek tilida muloqot qilish masalasi ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Shu munosabat bilan sohadagi ayrim qonunchilik hujjatlari haqida Adliya vazirligi quyidagilarni eslatib oʻtdi.
Maʼlumki, bugungi kunda oʻzbek tilining davlat tili sifatida qoʻllanilishini tartibga soluvchi asosiy hujjat “Davlat tili haqida”gi qonun hisoblanadi.
Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon qilinadi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi taʼminlanadi.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.
“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga asosan esa Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Bunda reklama mazmunining tarjimasini boshqa tillarda takror berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.
“Shu bilan birga, fuqarolar oʻzaro muloqot jarayonida foydalanadigan til boʻyicha qonunchilikda qatʼiy va majburiy talablar koʻrsatilmagan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Taʼkidlanishicha, mamlakatda millatlararo totuvlik va tolerantlikni taʼminlash, har bir millat va elatning oʻziga xosligini hurmat qilish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bunda barcha fuqarolarga oʻz ona tilida gapirish, taʼlim olish va madaniy boyliklarni rivojlantirishda teng huquqlilik taʼminlanadi.
“Xususan, “Davlat tili haqida”gi qonunga koʻra, oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi.
Zero, Konstitutsiyaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb yoziladi munosabatda.
Yuqoridagilarga koʻra, millatlararo munosabatlarga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan masalalarni yoritishda Oʻzbekiston qonunchiligi, shuningdek, umuminsoniy va professional etika normalariga rioya etilishini taʼminlash maqsadga muvofiq.
“Shu bilan birga, Oʻzbekiston fuqarolarining tildan foydalanish huquqlarini kamsitish, shu asosda nizo qoʻzgʻatish javobgarlikka sabab boʻlishi ham eslatib oʻtiladi”, deb yozadi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Ilm-fan
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q