1-apreldan nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
13:25 / 28.03.2025 510 0

Barcha farmatsevtika va tibbiy xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar QQS toʻlovchisiga aylanadi

Daromadidan qatʼiy nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi yoki tibbiy xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar QQS toʻlovchisi boʻladi.

 

Bunda soliq organlari Onlayn-NKT, EHF va boshqa tashqi va ichki maʼlumotlar asosida QQS hisobotlarini avtomatik tarzda shakllantiradi

 

Chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan byudjetga toʻlangan QQSning 50 foizi qaytariladi

Prezident qarori bilan:

2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan byudjetga toʻlangan QQSning 50%i har oyning 25-sanasiga qadar qaytariladi.

 

Shart – ishlab chiqarilgan goʻsht, sut, parranda goʻshti va tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90%ini tashkil etishi kerak

 

Ayrim huquqbuzarliklar uchun birinchi marta ogohlantirish beriladi

Soliq organlari xodimlari tomonidan oʻzlariga biriktirilgan korxonalarda yoki mahallalardagi tadbirkorlik subyektlarida soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar aniqlanganda, birinchi marta ogohlantirish beriladi.

 

Ogohlantirishdan keyin uch kun ichida soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmaganligi yoki takroran aniqlanganligi sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos boʻladi

 

Kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati Respublika boʻylab joriy etiladi

1-apreldan kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati Respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

 

Xizmatning ahamiyati: Oʻzgalar parvarishiga muhtoj, oʻzi harakatlana olmaydigan, kun davomida hayotiy zarur ehtiyojlarini qila olmaydigan shaxslarga qarab berish orqali, ushbu shaxsga qarab turish bilan band boʻlib qolgan mehnatga layoqatli oila aʼzolarini ishlash imkoniyatini yaratish. Bunda oilani farovonlik darajasini oshirishga koʻmaklashiladi

 

“Iqtidor” badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etiladi.

“Turon” maktab teatrining ijobiy tajribasi asosida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Iqtidor” badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etiladi.

 

Shuningdek, jamoalar oʻrtasida har yili milliy va jahon musiqasi yoʻnalishlari boʻyicha “Iqtidor maktab ansambli” respublika tanlovi oʻtkaziladi.

 

Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatiga yuboriladi

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi xodimlar ragʻbatlantiriladi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, uning tizimidagi agentlik hamda markazlar, Qoraqalpogʻiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari xodimlariga:

1 yildan 3 yilgacha — 0,3;

3 yildan 5 yilgacha — 0,6;

5 yildan 10 yilgacha — 0,8;

10 yildan 15 yilgacha — 1,0;

15 yildan 20 yilgacha — 1,2;

20 yildan yuqori — 1,5.

Shuningdek, tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari xodimlariga:

1 yildan 3 yilgacha — 0,15;

3 yildan 5 yilgacha — 0,3;

5 yildan 10 yilgacha — 0,45;

10 yildan 15 yilgacha — 0,6;

15 yildan 20 yilgacha — 0,75;

20 yildan yuqori — 1,0 koeffitsiyentlarda har oy ustamalar toʻlanadi

 

Ayrim qoʻllab-quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta” axborot tizimidan taqdim etiladi

Quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta” axborot tizimidan taqdim etiladi:

🔷shaxsning nogironligini, talaba, oʻquvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash.

 

🔷nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yoʻl, havo va daryo transporti, yoʻnalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish boʻyicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;

 

🔷kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq toʻlash boʻyicha imtiyozlar

 

Ijtimoiy yordamlarni koʻrsatish tartibi oʻzgaradi

“Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari orqali koʻrsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi.

 

Shuningdek, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sogʻliqni saqlash boʻyicha ijtimoiy yordamlar esa – oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilalarga ham taqdim etiladi

 

Ayrim oʻquvchilarga transport xarajatlari toʻlab beriladi

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar va tayanch harakatida muammolari boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy soha obyektlari, taʼlim muassasalariga borib kelishlariga qulayliklar yaratish maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati loyihasi ishga tushiriladi.

 

Ushbu xizmatni 2025-yil 1-apreldan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida, 2025-yilning yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.

 

Ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatlaridan foydalanish uchun umumiy summa har bir taʼlim oluvchiga oyiga BHMning 1,2 baravaridan (450 ming soʻmdan) oshmaydi

 

Jinoyat protsessi ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlashga oid Hukumat qarori kuchga kiradi

Bunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ etib belgilangan.

 

Quyidagilar himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashga asos boʻladi:

➖halok boʻlganligi (vafot etganligi);

➖unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;

➖unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;

➖mulkiy zarar yetkazilganligi

 

“Investor kun”lari tashkil etiladi

2025-yil 1-apreldan har oyda 1 ta hududda “investor kun”lari tashkil etiladi hamda hududdagi OTMlar bilan hamkorlik dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.

 

Nogironligi boʻlgan yoshlarning parasport toʻgaraklariga qatnashishi moddiy qoʻllab-quvvatlanadi

Bunda nogironligi boʻlgan yoshlarga parasport toʻgaraklariga qatnashishi uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 1 baravarigacha (375 ming soʻm) miqdorda yoʻl haqi xarajatlari qoplab beriladi

 

Ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratiladi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam oʻrniga ushbu hududlarda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini oʻrnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi

 

Ijtimoiy karta bilan jamoat transportlarida toʻlov qilish mumkin boʻladi

Ijtimoiy karta 2025-yilning 1-aprelidan boshlab transport kartasi va imtiyozli transport kartasi funksiyalarini ham bajaradi. Yaʼni jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar, belgilangan imtiyozli yoki bepul tarifdan foydalangan holda, imtiyozga ega boʻlmagan shaxslar umumbelgilangan transport tariflarida transportdan foydalanishlari mumkin boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//