Xitoylik investorlar Buxoroda 4 yulduzli mehmonxona quradi

Saqlash
10:50 / 26.03.2025 334 0

16-22-mart kunlari viloyat hokimining o‘rinbosari Rizo Asadov, Romitan, Shofirkon, Jondor tumanlari hokimlari, ularning tegishli o‘rinbosarlari va tadbirkorlardan iborat Buxoro viloyati delegatsiyasi Xitoyning Shenchjen, Zonshang va Shenyang shaharlarida bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, delegatsiya vakillari "High Class Solar Light Co. LTD", "Guangdong Chant Group Inc", "Taili Group", "Yoye Wisdom" hamda "!Lesso Group"  kabi Xitoyning yirik ishlab chiqarish kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi, hukumat va yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

 

Unda o‘zaro teng manfaatli hamkorlik istiqbollari, Buxoroga investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilingan. Xususan, Shenyan shahar merining o‘rinbosari Lyu Kebin bilan uchrashuvda ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda ijtimoiy sohalarda, shu jumladan, ta’lim, turizm va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

 

Lyaonin provinsiyasining Xalq hukumati vitse-gubernatori Shan I bilan rasmiy uchrashuvda esa mineral resurslar, sanoat zonalarini tashkil qilish va qurilish omborlarini tashkil qilish loyihalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv natijasida Lyaonin provinsiyasi va Buxoro viloyati o‘rtasida Birodarlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha Memorandum imzolandi.

 

Shuningdek, Shenchjen va Shenyan shaharlarida Investitsiya forumlari o‘tkazilib, O‘zbekistonning Guandjoudagi Bosh konsulxonasi va Guandjou shahri Tijorat-investitsiya palatasi bilan hamkorlikda "Shenchjen – Buxara" forumi tashkil qilingan. Forumda Xitoyning 60 ta yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi. Muzokaralar natijasida Shenzhen Water Technology, Ampere Energy Technology, ENERMALL kabi yirik kompaniyalar bilan kelishuvlarga erishildi.

 

Buxoro viloyati va Lyaonin provinsiyasi hukumati o‘rtasida o‘tkazilgan forumda provinsiyaning 40 ta yirik kompaniyalari bilan  bilan G2B uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, "Qitong Tea" kompaniyasi bilan qiymati 10 mln AQSH dollarilik choy plantatsiyalari va choy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha  bo‘yicha memorandum imzolandi.

 

Shuningdek, choy ishlab chiqarish, "Highclass Solar Light Co. LTD" kompaniyasi bilan yorug‘lik texnologiyalari (LED diodlar) ishlab chiqarish, Buxoroda to‘rt yulduzli mehmonxona qurish, "Guangdong Chant Group Inc" kompaniyasi bilan Buxoroda 5 ming xonadonli turar joy maskani qurilishi doirasida kogeneratsiya loyihasini amalga oshirish, "Taili Group" kompaniyasi bilan kadrlarni tayyorlash uchun akademiya tashkil etish, O‘zbekistonda marketing platformasini tashkil etish, "Yoye Wisdom" kompaniyasi bilan tekstil mahsulotlarini lokalizatsiya qilish va Yevropaga eksport qilish, "Lesso" kompaniyasi bilan qurilish sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//