Prezident farmoni: maktab direktorlari va oʻrinbosarlari, bogʻcha rahbarlari maoshi oshirildi

Saqlash
10:41 / 19.03.2025 406 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha yangi Farmon imzoladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova xabar berdi.

 

"Keyingi yillarda oʻqituvchilarimiz, bogʻchadagi pedagoglarimiz oylik maoshlarini oshirish, ustamalar sonini koʻpaytirish boʻyicha qator islohotlar qilindi va bu jarayon davom etyapti. Endilikda maktab direktorlari, ularning oʻrinbosarlari hamda bogʻchalarimiz rahbarlari maoshlarini oshirishga navbat yetdi", deydi vazir, farmondagi eng asosiy yangiliklarni qayd etarkan.

 

Farmondagi eng muhim yangiliklar sifatida quyidagilar sanaladi:

 

– Maktab direktori va uning oʻrinbosarlari hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdorlari oshirilmoqda.

2025-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, oʻrinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirilib, bogʻchalarimiz direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti direktori oʻrinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi. Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktab direktorlari, 7 mingga yaqin bogʻcha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor oʻrinbosarlarining ish haqi miqdorlari oshirilishiga erishiladi.

 

– 2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan direktor va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

 

– Tuman boʻlimlarida qoʻshimcha shtatlar ajratilyapti va bu oʻquvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, oʻquvchilarga xorijiy til va kasbga oʻrgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyati yaratadi.

 

– Hududiy boʻlinmalari xodimlaringning koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish joriy etilmoqda (Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi).

 

– Maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (amalda 50 foizgacha) miqdorida etib belgilanmoqda.

 

– Avvallari maktablarning boʻsh turgan binolari ijarasidan tushgan mablagʻlarning 40 foizigina oʻsha maktabda qolardi. Endilikda ushbu mablagʻlarning 75 foizi oʻsha maktab rivojiga sarflanadi.

 

Vazir tizimdagi yuz minglab xodimlar hayoti, ragʻbatlanishiga doir mazkur farmon xodimlarimiz moddiy imkoniyatlarini yanada yaxshilab, ularga motivatsiya beradi, ish unumdorligini oshirishidan umid qilishini ta'kidladi.

 

Qayd etilishicha, Farmon bilan bogʻliq boshqa oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot va sharhlar vazirlikning ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//