Oʻzbekistonda “TEMU” platformasi faoliyati 20-martdan rasman toʻxtatiladi

Saqlash
14:50 / 04.03.2025 395 0

Oʻzbekiston fuqarolariga xizmat koʻrsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini oʻrganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlandi. Bu haqda NAPP xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025-yil 20-martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, “TEMU” platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.

 

“Tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, yurtdoshlarimizdan bugungi kundan boshlab “TEMU” platformasida buyurtma bermasliklarini soʻraymiz. Bunda, agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan boʻlsa, platformada toʻlovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi«, deyiladi rasmiy axborotda.

 

Shuningdek, agentlik va Soliq qoʻmitasi fuqarolarni respublika hududida oʻz faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatimizda Soliq qoʻmitasining elektron xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar roʻyxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini koʻrishga, shaxsiy va boshqa maʼlumotlarni bunday subyektlarga bermaslikka chaqirmoqda.

 

Maʼlumot uchun, 2024-yil 26-dekabrda qabul qilingan Hukumat qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan (ushbu norma qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//