Sanʼatkorlarga shohona hayotini koʻz koʻz qilmaslik boʻyicha tushuntirish berildi

Saqlash
14:35 / 04.03.2025 364 0

Madaniyat vazirligida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, diniy qoʻmita vakillari hamda xonandalar ishtirokida “Sanʼatkor odobi” mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

 

Unda sanʼatkorlarga diniy siyosat konsepsiyasi kabi hujjatlar boʻyicha tushuntirish berildi. Shuningdek, yigʻilishda konsert-tomosha faoliyati uchun litsenziya talab va shartlari hamda mualliflik huquqi kabi masalalar haqida ham soʻz yuritildi.

 

Xabarga koʻra, mutasaddilar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etish, boshqa davlatlarda boʻlganida oʻz mamlakat shaʼnini eʼzozlash odob-axloqi, madaniyat, oʻzbekona qadriyatlarni unutmaslik haqida gapirgan.

 

Bundan tashqari, Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov milliy urf-odatlar, qadriyatlar va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, dabdababozlik, shohona hayotni koʻz-koʻz qilmaslik va boshqa salbiy illatlarga yoʻl qoʻymaslik, jamoat joylarida, atrofdagilar eʼtiborini tortuvchi ortiqcha salbiy harakatlar qilmaslik kerakligini taʼkidlagan.

 

 

Shu bilan birga, yigʻilishda kuy-qoʻshiqlarning mazmuniga eʼtibor qaratish, mualliflik huquqlarining buzilish holatlariga ham toʻxtalib oʻtilgan. Xonandalarga oʻz ijodlari davomida vatanga muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlarni koʻpaytirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga namuna boʻlishlari zarurligi urgʻulangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//