Oʻzbek olimalarining izlanishlarini namoyish etuvchi platforma yaratildi

Saqlash
09:12 / 25.02.2025 280 0

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Wonder Women xalqaro hamjamiyati hamkorligida Osiyo taraqqiyot banki koʻmagi bilan birinchi marta “Oʻzbekiston olima ayollari” sayti yaratildi.

 

“Saytning asosiy maqsadi oʻzbek ilm-fanida oʻziga xos maktablar yaratgan olimalarni, zamonaviy fanda yangiliklar qilayotgan isteʼdodli, ilmli ayollar faoliyatini jahonga tanitish, shu bilan birga, mamlakatimiz fani rivoji uchun hissa qoʻshib kelayotgan oʻtmish va hozirgi zamon olimalarimizni bugungi kun qahramonlari sifatida namoyish etishdir”, deyiladi xabarda.

 

Saytning birinchi qismida tarixda oʻz oʻrniga ega boʻlgan olima ayollar – Hadicha Sulaymonova, Galina Pugachenkova, Maqsuda Xojanovaning hayoti, ilmiy izlanishlari haqida maʼlumotlar kiritilgan.

 

Ikkinchi qismi esa hozirda Fanlar akademiyasida faoliyat yuritayotgan oʻzbek olimalari va besh nafar akademik ayollarning faoliyatiga bagʻishlangan.

 

Platforma fizika-matematika, kimyo-biologiya va tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlarda zamonaviy tadqiqotlar bilan shugʻullanayotgan fan doktorlari va professor olimalar haqida toʻliq maʼlumot beradi. Xabarga koʻra, kelgusida ham ushbu maʼlumotlar mazmun va son jihatdan yanada boyitib boriladi.

 

“Saytning jamiyat va fan hayotidagi ahamiyati ham mavjud. Ushbu platforma mazmunan ilmga hayajon va hayrat bilan kirib kelayotgan xotin-qizlarga ulkan ilmiy izlanishlari bilan tanilgan olimalar hayoti oʻrnak, namuna, bir soʻz bilan aytganda, model vazifasini oʻtaydi”, deyiladi Fanlar akademiyasi xabarida.

 

Taʼkidlanishicha, bunday tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad oʻzbek olimalari va ular olib borayotgan sermahsul izlanishlarni dunyoga koʻrsatish, shuningdek, ilmli, maʼrifatli olima qizlarni jamiyatga, ilm-fanga tayyorlab berishdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//