
Siyosat
Foto: AFP
Kosta-Rika Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi boʻldi.
Xabarga koʻra, muhojirlar ushbu mamlakatda olti haftagacha ushlab turilishi va vataniga joʻnatilishi mumkin.
Bungacha ular maxsus joyda saqlanadi va ushbu hududni tark eta olmaydi.
Taʼkidlanishicha, AQShdan uchgan va asosan Osiyo mamlakatlaridan boʻlgan 135 nafar noqonuniy muhojirni olib ketayotgan birinchi deportatsiya samolyoti kecha Kosta-Rikaga qoʻngan. Ushbu muhojirlarning 65 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil qiladi.
Bundan tashqari, AQSh osiyolik yana 120 ga yaqin migrantni Panamaga ham deportatsiya qilishi maʼlum qildi. Ularning 119 nafari Oʻzbekistondan kelgan muhojirlardir. Ular chegarani noqonuniy kesib oʻtgach hibsga olingan.
"Panama prezidenti Xose Raul Mulino migrantlar mamlakatga kelganini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, ular mehmonxonaga joylashtirilgan va keyinchalik Kolumbiya bilan chegaradosh Daryen provinsiyasidagi boshpanaga olib ketiladi. U yerdan AQSh tomonidan moliyalashtirilgan reyslar orqali oʻz mamlakatlariga qaytariladi", deb yozadi Gazeta.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan Amerika tomoniga Kosta Rika va Panamaga yuborilayotgan oʻzbekistonliklar haqida maʼlumot soʻrab murojaat qilgan.
“Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston fuqarolarining oʻz vatanlariga xavfsiz deportatsiyasini taʼminlash maqsadida AQShning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bizning kelishuvlarimizga asosan, Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan fuqarolarimizning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. Oʻrnatilgan amaliyotga koʻra, fuqarolarimiz vatanga Nyu-York-Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi”, dedi vazirlik matbuot kotibi Axror Burxanov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, vazirlik OAVda Oʻzbekiston fuqarolarining boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlarni kuzatib bormoqda. Ushbu masala yuzasidan diplomatik vakolatxonalar Amerika tomonidan boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida maʼlumot berishni soʻrab murojaat qilgan. Bundan tashqari, bu borada Lotin Amerikasi davlatlari bilan diplomatik kanallar orqali ham aloqalar oʻrnatilgan.
“Diplomatik vakolatxonalarimiz Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar, hartomonlama yordam koʻrsatadi”, dedi Burxanov.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q