Oʻzbekistonlik oʻquvchi AQShning Chikago universitetiga toʻliq grant yutib oldi

Saqlash
09:18 / 19.02.2025 117 0

Prezident maktabi oʻquvchisi dunyo boʻyicha 14-oʻrinda turadigan Chikago universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Guliston shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Asilbek Ashurov AQShning nufuzli Chikago universitetiga 420 000 AQSh dollar miqdoridagi toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilingan. U Chikago universitetining toʻliq grantini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik oʻquvchi sifatida tarixga kirdi.

 

Maʼlumot uchun, Chikago universiteti dunyodagi eng nufuzli oliygohlardan biri boʻlib, xalqaro miqyosda oʻzining ilmiy tadqiqotlari, yuqori sifatli taʼlimi va kuchli akademik anʼanalari bilan tanilgan. QS “World University Rankings” va “Times Higher Education” kabi xalqaro reytinglarda Chikago universiteti doimiy ravishda eng yuqori oʻrinlarni egallab keladi. Hozirda ushbu universitet dunyo miqyosida 14-oʻrinda turadi.

 

Vazir shuningdek, Prezident maktablari bugun oʻz samarasini bera boshlaganini alohida qayd etgan:

 

"Asilbek yagona misol emas. Oʻtgan yillar davomida Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Abdulaziz Sobirov dunyo reytingida TOP 5 likka kiruvchi Garvard universitetiga 354 000 AQSh dollari miqdoridagi grant bilan oʻqishga qabul qilingan. Maktabning yana bir bitiruvchisi Sayfullo Saidov dunyo reytingida 9-oʻrinda turuvchi “University College London” oliygohiga, shuningdek, dunyo QS reytingida 17-oʻrinda turadigan Prinston universitetiga 350 000 AQSh dollari miqdoridagi toʻliq grant asosida muddatidan oldin oʻqishga qabul qilingan. Qizlarimiz ham faol. Masalan, Namangan Prezident maktabining bitiruvchisi Goʻzal Haydarova hozirda Garvard universitetida toʻliq grant asosida taʼlim olmoqda. Ushbu nufuzli universitetlar bitiruvchilari orasida taniqli olimlar, Nobel mukofoti sovrindorlari koʻpchilikni tashkil qiladi. Ajab emas, yillar oʻtib oʻquvchilarimiz ham ular orasidan joy olsa" – deb Asilbek, uning ota-onasi va taʼlim bergan ustozlarini tabriklaydi Hilola Umarova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//