Mahallalar kutubxonalariga 30 mingta kitob sovgʼa qilindi

Saqlash
14:40 / 30.12.2021 949 0

Kecha, 29-dekabr kuni Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʼzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda “Kitob – yengilmas kuch manbai” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʼlib oʼtdi.

Tadbirda respublikadagi mahallalar kutubxonalarini yangi badiiy asarlar bilan boyitish maqsadida, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Аdabiyot” nashriyoti tomonidan nashr qilingan 39 nomdagi 30 000 dona kitob mahalla vakillariga taqdim etildi. Kitoblar toʼplamidan Аlisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Xayriddin Sultonovning “Odamlardan tinglab hikoya”, Sirojiddin Sayyidning “Eldoshlarim, dildoshlarim”, Saida Zunnunovaning “Bahorni qarshilab”, Аleksandr Faynbergning “Qoralamaga qasida”, Berdaqning “Yurt gʼamxoʼri kerak menga”, Sadriddin Salim Buxoriyning “Qadimiy kuy”, Аbdulla Sherning “Saylanma”, Munavvara Usmonovaning “Hayot tumori” kabi koʼplab badiiy asarlar oʼrin olgan.

Tadbirda soʼzga chiqqanlar kitobxonlikni targʼib qilish aslida milliy oʼzlikni anglashga, dunyoqarashni kengaytirishga boʼlgan intilish ekanini aytib oʼtishdi. Uchrashuv kuy-qoʼshiqlar bilan davom etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//