Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

Saqlash
10:55 / 23.01.2025 64 0

 

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

 

Qayd etilishicha, soʻnggi oylarda umumiy inflyatsiya pasayib borishi bilan birga iqtisodiyotdagi inflyatsion omillar turli yoʻnalishlarda shakllanmoqda. Kelgusi choraklarda inflyatsiyaga oʻtgan yilgi energiya narxlari erkinlashtirilishining taʻsiri kamayib borishi kutilayotganligiga qaramasdan inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotganligi pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʻiy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

 

Qabul qilingan qaror bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichlari va inflyatsiya kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va oʻrta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilgan.

 

Yangilangan taxminlarga koʻra, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

 

Joriy yilning birinchi yarmida 2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi taʻsiri tugab borishi II chorak yakunida umumiy inflyatsiyaga sezilarli pasaytiruvchi taʻsirga ega boʻladi. Shu bilan birga, 2025-yilda mazkur islohotning navbatdagi bosqichi amalga oshirilishi muddati bir oyga farqlanishi hisobiga aprel oyida umumiy inflyasiya darajasining vaqtincha oshishi kutilmoqda.

 

Kelgusida yuqoridagi oʻzgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi taʻsirlari darajasi pul-kredit sharoitlari yoʻnalishlarini belgilovchi muhim omil boʻladi.

 

2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot oʻsishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investisiyalar ortishi iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi omil boʻlib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

 

Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oʻsishi boʻyicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi taʻsirga ega boʻlishi mumkin.

 

Pul-kredit sharoitlari qatʻiylik darajasi saqlab qolinishi natijasida kelgusida ham kreditlash hajmining oʻsishi moʻtadil boʻlishi va depozitlarning yuqori oʻsish surʻatlari davom etishi yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyasiyaga taʻsirini kamaytiruvchi xususiyatga ega boʻladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʻminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 13,5 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//