Parij Olimpiadasi go‘liblari medallarni Fransiyaga qaytarib bermoqda

Saqlash
11:11 / 15.01.2025 344 0

Parij yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan sportchilar sifati yomonlasha boshlagan medallarni ortga qaytarmoqda.

 

Bunga baʼzi sportchilarning soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali (asosan, bronza) medallarning sifati yomonlashib borayotgani haqida tanqidiy postlar joylagani sabab boʻlgan.

 

 

Masalan, fransiyalik suzuvchi Maksim Grousset va Olimpiadada bronza medalini qoʻlga kiritgan amerikalik skeytbordchi Nyuja Xyuston medallarga zarar yetgani haqidagi xabarlarni birinchilardan boʻlib tarqatgan. Ulardan biri medalga hatto “urushdan qolganga oʻxshaydi” deya taʼrif bergan.

 

Taʼkidlanishicha, medallar hech qancha vaqt oʻtmasdan yomon koʻrinishga kela boshlagan. Jumladan, ularning yuza qismida zang paydo boʻlgan.

 

“Olimpiada medallarining sifati ancha yuqori boʻlishi kerak”, yeb yozgan sportchilardan biri oʻz sahifalarida.

 

Tanqidlarning ortib borish fonida medallarni qaytarib berish allaqachon boshlanib ketgan.

 

Fransuz nashri boʻlgan Lettre'ning yozishicha, 100 dan ortiq nuqsonli medallar sportchilar tomonidan Parijdagi Olimpia va Paralimpia oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasiga qaytarilgan. Endilikda medallar ishlab chiqarish uchun masʼul boʻlgan Parij zarbxonasida jiddiy tartibsizliklar kelib chiqmoqda.

 

Aniqlik kiritilishicha, medallarning bunday koʻrinishga kelib qolishida sifatsiz lakning ishlatilishi asosiy omil boʻlishi mumkin. Shuningdek, masʼullar ishlab chiqarishda yana bir qator qoidalarga ham rioya qilmagan.

 

Xullas, hozirda muassasa ishlab chiqarish va sifatga masʼul boʻlgan 3 nafar rahbar xodimni ishdan boʻshatgan. Bundan tashqari, zarbxona norozilik bildirayotgan sportchilarga barcha shikastlangan medallar bir xil oʻyma naqshli yangilari bilan almashtirib berilishini maʼlum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//