Oʻzbekistonda onlayn qimorga mukkasidan ketganlarning roʻyxati tuziladi

Saqlash
09:33 / 15.01.2025 107 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

 

Hujjatda tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tartibga solish maqsadida mazkur sohani litsenziya asosida amalga oshirish, ushbu oʻyinlarda ishtirok etishi taqiqlangan fuqarolar toifalarini belgilash, oʻyinlarga qaram boʻlgan shaxslar roʻyxatini yuritish, bukmekerlik faoliyatining oʻziga xos xususiyatlari kabi qoidalar koʻzda tutilgan.

 

Taʼkidlanishicha, muhokamalar davomida deputatlar lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, aholi oʻrtasida bunday oʻyinlar keng tarqalayotganiga alohida eʼtibor qaratgan.

 

Xabarga koʻra, qonun loyihasida internet jahon axborot tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning huquqiy jihatdan tartibga solish, oʻyinlarga haddan tashqari qaramligi qayd etiladigan fuqarolarning oʻyinlardagi ishtirokini cheklash mexanizmlarini joriy etish hamda bu borada xorijiy va noqonuniy servislardan foydalanishni cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilangan.

 

Deputatlarning ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kapital va sugʻurta bozorini yanada rivojlantirish, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish hamda oʻtkazilishini tartibga solishga xizmat qilishi haqida ham fikr bildirishgan.

 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//