PFL futbolchilar ism-familiyasi oʻzbek tilida toʻgʻri yozilishini talab qilmoqda

Saqlash
18:16 / 13.01.2025 103 0

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi 2025-yilda milliy chempionat klublarning liboslariga qoʻyiladigan talablarni maʼlum qildi. Klub libos dizaynini ishlab chiqayotganda mazkur talablarga eʼtibor qaratishi lozim.

 

Eʼtiborlisi, “Superliga va Proliga reglamenti”ning 5-bobida PFL futbol klubidan futbolchining ism yoki familiyasini oʻzbek tilida toʻgʻri yozishni talab qilgan.

 

Bundan tashqari, talabnomada 2025-yildan boshlab har qanday klub oʻz muxlislari koʻz oʻngidagi uy uchrashuvida asosiy libosda maydonga tushishi aytiladi. Bunda hech qanday “irim”lar inobatga olinmaydi.

 

“Shundan kelib chiqib, har bir klub oʻz maydonida qanday libosda harakat qilishi masalasini mavsum avvalida hal qilib olishi va uni mavsum soʻngiga qadar oʻzgartirmasligi talabi reglamentdan joy oldi. Bu oʻz navbatida sevimli jamoasi ishtirokidagi uy oʻyiniga tashrif buyurayotgan ishqibozlar uchun ham qulaylikka olib keladi”, deyiladi liga matbuot xizmati xabarida.

 

Shuningdek, endi futbolchi oʻz litsenziyasida koʻrsatilgan raqamli futbolkada oʻyinga qoʻyiladi. Har qanday klub mazkur masalaga professional nuqtai nazardan yondashishi, oʻzining U21 va U19 jamoalari uchun ham asosiy tarkibniki kabi liboslar taqdim etishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday holatda keyinchalik asosiy tarkibga jalb etiladigan futbolchida oʻz libosi hamda raqami bilan Superliga yoki Proliga bellashuvida maydonga tushish uchun imkoniyat boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//