Toshkentda qariyb 40 ming qalbaki dollarga uy sotib olganlar ushlandi

Saqlash
22:15 / 28.12.2021 1476 0

Toshkentda qalbaki dollar bergan holda oʻzganining xonadonini notarial tartibda oʻz nomiga rasmiylashtirib olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIV JQBB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻlimi xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, 2021-yil 5-avgust kuni fuqaro H.T. hamda Abror ismli shaxs fuqaro J.R.ning ishonchiga kirib, unga tegishli boʻlgan Toshkent shahri “Markaz-5” mavzesida joylashgan xonadonni 40 ming AQSH dollariga sotib olishini vaʼda qilgan. Ular 4 bogʻlam 100 AQSH dollarlik qalbaki kupyuralarni (39,6 ming dollari qalbaki 400 dollari haqiqiy) bergan holda xonadonni notarial tartibda oʻzining nomiga rasmiylashtirib olgan.

 

Shu kuni H.T. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, jinoiy sherigi Abror bilan birga J.R.ga berilgan pullar va xonadon hujjatlarini egallash maqsadida uning xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda toʻpponcha bilan qurollangan holda bostirib kirgan. Ular J.R.ni urib, qoʻrqitib, boʻgʻgan holda berilgan qalbaki pullarni va uy hujjatlarini berishni talab qilib, unga tan jarohati yetkazgan.

 

Holat yuzasidan nomaʼlum shaxs Abrorga nisbatan Jinoyat kodeksning 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi «v» bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) 3-qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Surishtiruv ishlari davomida 2021-yilning 17-noyabr kuni IIV JQBB, DXX va Toshkent shahar IIBB JQB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida Abror ismli shaxs Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi 26 yoshli fuqaro X.A. ekani aniqlangan. U Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan “Gʻishtkoʻprik” bojxona postida qoʻlga olingan va IIV VSʼHga joylashtirilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//