Butun dunyoda tarqalayotgan virus Oʻzbekistonda ham aniqlandi

Saqlash
09:42 / 06.01.2025 428 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi ayni vaqtda butun dunyoda tarqalib, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab boʻlayotgan metapnevmovirus yangi kasallik emasligini maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, ortiqcha xavotirga hojat yoʻq.

 

SSV mutaxassisining soʻzlariga koʻra, metapnevmovirus avvaldan maʼlum infeksiya boʻlib, birinchi marta 2001-yilda aniqlangan.

 

“Kasallik asosan havo-tomchi yoʻli orqali yoki baʼzi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadi hamda tarqaladi”, deydi u.

 

Mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi. Masalan, qoʻshni Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham ayni paytda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy oʻsishi kuzatilayotgani, shu jumladan, 10-yillardan buyon mamlakatda metapnevmovirus ham qayd etilayotgani taʼkidlangan.

 

Vazirlik xabarida yozilishicha, metapnevmovirusning kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatiladi. Bu infeksiya odatda burun oqishi, yoʻtal va isitma belgilari bilan, xuddi oʻtkir respirator virusli infeksiyalar shaklida paydo boʻladi, baʼzi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.

 

Kasallikni davolash odatda simptomatik boʻlib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qoʻllaniladi. Ogʻir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin.

 

Bu virus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ayni vaqtda Oʻzbekistonda oʻtkir respirator infeksiyalarning mavsumiy koʻtarilishi kuzatilmoqda. Ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirilayotgan boʻlib, tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan.

 

Vazirlik aholini oʻtkir respirator kasalliklarning bunday koʻtarilishi davrida aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, kasallik belgilari yaqqol namoyon boʻlib turgan fuqarolar bilan muloqotni cheklashga chaqirmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//