Endi yoʻl haqini naqd pul koʻrinishida berganlarga chora koʻriladi

Saqlash
13:33 / 05.01.2025 519 0

Joriy yilning 1-yanvaridan Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda yoʻlkira toʻlovlarini naqd shaklda toʻlash toʻxtatilganidan xabaringiz bor. Tabiiyki, endilikda transport yoki bank kartasi boʻlmagan yoʻlovchilarning bir martalik chiptalarga ehtiyoji ortadi.

 

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi masʼulining maʼlum qilishicha, bugungi kunda poytaxtda 2644 ta avtobekat boʻlsa, ular atrofiga 5500 ta QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar oʻrnatilgan.

 

Shu hisobda, agar yoʻlovchi naqd pul orqali toʻlov qilmoqchi boʻlsa, QR-chiptani xarid qilish uchun toʻlov infokiosklaridan foydalanishi mumkin. Haydovchiga naqd pul berish mumkin emas.

 

Taʼkidlanishicha, yoʻl haqini naqd pul koʻrinishida bergan yoʻlovchi jarimaga tortiladi.

 

“Agar yoʻlovchi yoʻl haqini naqd koʻrinishda qabul qiladigan boʻlsa, haydovchi qabul qilmasligi kerak. Vaziyat Transport inspeksiyasining hududiy inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi. Birinchi safar ogohlantirish beriladi. Ogohlantirishga qaramasdan huquqbuzarlik takrorlanadigan boʻlsa, oʻrnatilgan tartibda haydovchiga ham, yoʻlovchiga ham maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishga toʻgʻri keladi”, deydi Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy boʻlimi inspektori Salimjon Nishonboyev.

 

Bunda huquqbuzarlarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 144-moddasi hamda 145-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Yaʼni, yoʻlovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 144-moddasiga asosan tuziladi va bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan biri miqdorida jarima belgilanadi.

 

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha avtobuslarga nazorat kameralari oʻrnatilgan.

 

Maʼlumot uchun, hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 375 ming boʻlib, uning oʻndan biri 37 ming 500 soʻmni tashkil qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//