Ilm-fan
Bir vaqtning oʻzida minglab narsalarni koʻrib chiqayotganingizda, nega ularning faqat bittasiga eʼtibor qaratasiz? Masalan, ish bilan band boʻlgan xodim aynan yangi yil taʼtili haqida oʻylaganda nima uchun uning diqqati real jarayondagi mashgʻulotidan qochadi? Siz bu haqida hech bosh qotirib koʻrganmisiz?
Xavotir olmang, siz bu haqida qaygʻurishingizdan oldin olimlar allaqachon tadqiqotga qoʻl urib boʻlishdi. Ular insonning fikrlash tezligini oʻlchadi. Maʼlum boʻlishicha, inson miyasi sekundiga 10 bit tezlikda ishlar ekan. Taqqoslash uchun, bitta oddiy WiFi routeri sekundiga 100 mega bit tezlikda ishlaydi.
Odam tanasining har bir qismi miyaga axborot yetkazib turadi. Bu esa soniyasiga trillion bit maʼlumot degani. Biroq miya ularning hammasini ham qabul qilmaydi. Shunchaki bu aqlga sigʻmas hajmni egallab ketadigan axborotlar uchun inson miyasi 10 bitgina “teshik” ochadi. Agar oʻxshatish qilinsa, bu butun bir sharsharani somon teshigidan oʻtkazishdek gap.
Endi yana savol tugʻiladi. Odam bolasi ulkan salohiyatga ega boʻla turib, qanday qilib maʼlumotlarni bunchalik sekin qabul qiladi? Qolgan axborotlar qayerga ketadi? Buning javobi evolyutsiyada. Taxminlarga koʻra, odamzod zaminga ilk bor oyoq qoʻyganida uning miya faoliyati faqat oziq-ovqat topish va xavfdan qochish haqida oʻylash bilan cheklangan.
Taʼkidlash kerak, bu yerda gap insonning harakat jarayonida faqatgina bir narsaga diqqat qila olishi haqida ketmoqda, tafakkur haqida emas.
Olimlarning fikricha, bunday cheklov insonning foydasiga ishlashi mumkin ekan. Chunki u yashayotgan dunyo har soniyada oʻzgarmaydi va agar biz barcha maʼlumotlarni qayta ishlasak, biz shunchaki aqldan ozgan boʻlardik. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, soniyada 10 bit bizning atrof-muhitimizni boshqarish uchun kerak boʻlgan minimal miqdordir.
Xoʻsh, kelajakda biz kompyuterlar yordamida kosmik tezlikdagi fikrlashga erisha olamizmi? Tadqiqot natijalariga koʻra, hatto toʻgʻridan-toʻgʻri neyron interfeys ham tezlashishimizga yordam berolmaydi. Miyamiz oʻsha vaqtda ham sekundiga 10 bit bilan ishlashda davom etadi.
Miya funksiyasi sirlidir. Uning sezgilardan keladigan maʼlumotni ataylab filtrlashi faqat eng muhim maʼlumotlarni qabul qilishga imkon yaratadi. Va bu, ehtimol, bunday shovqinli dunyoda qanday qilib oʻylashimiz va qaror qabul qila olishimizni tushuntiradigan kalit boʻlishi mumkin.
Aslida bu tadqiqot miya faoliyatini toʻla-toʻkis ochib berolmaydi. Miya tezligining siri toʻliq ochilmagan. Miyamiz nima uchun shunday ishlashini tushunishga yordam beradigan yangi kashfiyotlar esa hali oldinda kutmoqda.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q