Qozogʻistonda yoʻlovchi samolyoti halokatga uchradi

Saqlash
12:43 / 25.12.2024 268 0

 

Bokudan Grozniyga uchgan samolyot tuman sababli yoʻnalishni oʻzgartirishga majbur boʻlgan.

 

Qozogʻiston gʻarbidagi Oqtov shahri yaqinida bort raqami AHY8243 boʻlgan Embraer 190 yoʻlovchi samolyoti halokatga uchradi. Bu haqda bir qator Ozarboyjon va Qozogʻiston nashrlari xabar berdi.

 

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yoʻlovchi samolyoti Azerbaijan Airlines kompaniyasiga tegishli boʻlgan. Uning bortida 67 nafar yoʻlovchi va besh nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan.

 

Uchoq avvaliga Kaspiy dengizi ustida qutqaruv signalini (distress signal) yuborgan va favqulodda qoʻnish uchun Qozogʻistonga yoʻl olgan. “Sputnik Ozarbayjon” nashri Azerbaijan Airlinesʼga tayanib xabar berishicha, halokatga samolyot va qushlar galasi oʻrtasidagi toʻqnashuv sabab boʻlgan.

 

Samolyot Oqtov aeroportining uchish-qoʻnish yoʻlagi yaqinidagi dalaga qulagan. Flightradar maʼlumotlariga koʻra, halokatdan oldin samolyot aeroport ustida aylangan.

 

Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Oqtov yaqinida aviahalokat sodir boʻlganligi haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Vazirlik aviahalokatdan omon qolganlar borligini maʼlum qilgan. Turli manbalar kamida olti kishi tirik qolganini aytmoqda.

 

Grozniy aeroporti matbuot xizmati Ozarboyjon samolyoti Grozniydagi tuman tufayli Maxachqalʼaga, soʻngra Oqtovga yoʻnaltirilganini xabar qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//