Qozogʻistonda ayol xodimlarning ish vaqtini qisqartirish taklif qilindi

Saqlash
09:40 / 07.11.2024 95 0

 

Bundan tashqari mamlakat hukumatiga pul toʻlanadigan “dekret” taʻtilini ikki yilgacha uzaytirish taklifi ham berildi. Deputatning soʻzlariga koʻra, bu oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Qozogʻistonda Skandinaviya davlatlari (Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya) tajribasidan kelib chiqib ayollar uchun ish vaqti qisqartirilishi mumkin. Deputat Qaraqat Abden mamlakat bosh vaziri Oljas Bektenov nomiga shu kabi taklifni yoʻllagan.

 

Abden oʻzining deputatlik soʻrovida soʻnggi yillarda Qozogʻistonda ayollar yetakchiligi sohasida davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan qator islohotlar oʻtkazilganini qayd etgan.

 

“Soʻnggi yillarda ayol tuman hokimlari soni 8 foizga oshdi, ayollar rahbarlik lavozimlariga yanada dadil va qatʻiy oʻta boshladi. Ammo koʻrilayotgan ushbu qadamlarga qaramay, bu boradagi oʻzgarishlar sanoqli koʻrsatkichlarni tashkil etmoqda, bizga tizimli oʻzgarishlar kerak”, degan Abden.

 

Deputat oʻz soʻrovida keltirgan statistikaga koʻra, 2024-yilda davlat xizmatchilari orasidagi ayollar soni 55,7 foizni tashkil etgan, ammo ularning rahbarlik lavozimlaridagi ulushi kam – 20,3 foiz. Shu bilan birga, Abden mamlakat mustaqillikka erishgandan beri siyosiy lavozimlarni egallagan ayollar ulushi hech qachon 15 foizdan oshmaganini taʻkidlagan.

 

Deputat hukumatga ayollar yetakchiligini rivojlantirishga xizmat qiladigan qator takliflarni bildirgan. Xususan, Qaraqat Abden pul toʻlanadigan “dekret” taʻtilini ikki yilgacha uzaytirish, shuningdek, Skandinaviya davlatlari tajribasidan kelib chiqib ayollar uchun ish vaqtini qisqartirishni taklif qilgan.

 

“Bu oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi, ayollar farzand tarbiyasiga koʻproq eʻtibor qaratadi”, degan u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//