Oʻzbekiston Xalqaro kosmos shartnomasiga aʼzo boʻldi

Saqlash
14:30 / 14.10.2024 235 0

10-oktyabr kuni Kosmik fazo, shu jumladan Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish boʻyicha davlatlarning faoliyati prinsiplari toʻgʻrisidagi shartnomaga qoʻshilish haqida Prezident qarori imzolandi.

 

Hujjat 2024-yil 2-iyul kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan boʻlsa, 15-avgust sanasida Senat tomonidan maʼqullangan edi.

 

“Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonning kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlari va osmon jismlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatlarini ochib beradi”, deb yoziladi Senat xabarida.

 

Maʼlumot uchun, mazkur Xalqaro kosmos shartnomasi 1966-yil 19-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan boʻlib, 1967-yil 27-yanvarda AQSh, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan imzolangan va shu yilning 10-oktyabridan kuchga kirgan.

 

Shartnomaga qoʻshilgan davlatlar 2024-yil holatiga koʻra 114 tani tashkil qilayotgan edi. Endilikda Oʻzbekistonning aʼzoligi bilan ular soni 115 taga yetdi.

 

“Oʻzbekkosmos” agentligining yozishicha, unga qoʻshilish Oʻzbekiston uchun bir qator xalqaro kosmik huquqlarni taqdim etadi.

 

Bular:

– hech qanday diskriminatsiyasiz kosmik fazo va samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish;

– ortiqcha toʻsiqlarsiz erkin tarzda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

– bu borada davlatlararo tenglikka ega boʻlish;

– uchirilgan kosmik obyektlar va ularning ekipajlari ustidan yurisdiksiya hamda nazoratni saqlab qolish;

– kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish orqali texnologiyalar transferini jadallashtirish.

 

Mazkur hujjat kosmik fazoning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi 17 ta moddani oʻz ichiga oladi.

 

Hujjatda yozilishicha, kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, iqtisodiy yoki ilmiy rivojlanish darajasidan qatʼi nazar, barcha mamlakatlar farovonligi va manfaatlari yoʻlida amalga oshiriladi va u butun insoniyatning mulki hisoblanadi. Kosmos va samoviy jismlar ularga nisbatan suverenitet eʼlon qilish yoʻli bilan ham, foydalanish yoki bosib olish yoʻli bilan ham, boshqa har qanday vositalar bilan ham milliy oʻzlashtirilishi mumkin emas.

 

Bundan tashqari, shartnomaga aʼzo davlatlar kosmonavtlarga insoniyatning kosmosdagi vakillari sifatida qarash va shartnomaga aʼzo boshqa davlat hududida yoki ochiq dengizda avariya, ofat yoki majburiy qoʻnish sodir boʻlgan taqdirda ularga har tomonlama yordam koʻrsatish kabi majburiyatlarni oladi.

 

Shartnomaga aʼzo davlatlardan birining kosmonavtlari kosmosda faoliyatni amalga oshirishda boshqa aʼzo davlatlarning kosmonavtlariga mumkin qadar yordam koʻrsatishi shartligi ham hujjatda qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//