Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga ham alohida vazifalar yuklatildi

Saqlash
18:39 / 30.09.2024 529 0

Muloqot davomida Shavkat Mirziyoyev Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sogʻligʻini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan oʻqituvchilar sonini 2 barobar oshirishi lozimligini taʼkidladi.

 

Shuningdek, OTM rektorlari ham oliygohlarni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan professor-oʻqituvchilar uchun sihatgoh yoʻllanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi aytildi.

 

Maʼlum boʻlishicha, bir yil oldin joriy etilgan maktab direktorlarini oʻqitish tizimi natijasida bugungi kunda direktorlarning 1 ming 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan. Aynan ana shu xodimlarga hozirda oʻrtacha 3 million soʻm ustama berilmoqda.

 

Endi bu amaliyot 2025-yil 1-sentyabrdan bogʻcha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ularga har oyda 30 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.

 

“Men qiziqib koʻrdim, maktab direktori, uning boshqaruvchilik mahorati haqida bizda muhim qoʻllanma boʻladigan kitoblar yoʻq ekan.

 

Vaholanki, yurtimizda taʼlim va tarbiyaning taqdiri ana shu insonlar faoliyati bilan chambarchas bogʻliq. Direktorlik qanchalik murakkab vazifa ekanini baʼzi ota-onalar bilmaydi ham. Chunki targʻibot kam. Buning oʻrniga shu paytgacha maktab direktorlarini faqat majlisga chaqirib, ularga har xil vazifalarni yuklab keldik”, degan Prezident muloqot davomida.

 

Shuni inobatga olgan holda bundan buyogʻiga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda, maktab direktorlari haqida ana shunday kitob (qoʻllanma) tayyorlaydigan boʻldi.

 

Shu bilan birga, taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish uchun joriy etiladigan 7 ta yoʻnilishining bitta, yaʼni 7-yoʻnalish sifatli taʼlimning ajralmas qismi boʻlgan tarbiya va odob-axloq jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yoʻlga qoʻyilishiga qaratiladi.

 

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti ham aynan shu maqsadda yangitdan tashkil etgan boʻlib, endi ushbu institutning tarbiya sohasidagi milliy anʼanalarni oʻrganish, tiklash va zamonaviy maʼnaviy-axloqiy tarbiya tizimini joriy qilish yoʻnalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarur.

 

“Hech kimga sir emas, bugungi kunda tarbiya sohasida ilgari koʻrilmagan jiddiy xavf-xatarlarga duch kelmoqdamiz.

 

Takror aytishga toʻgʻri keladi: yoshlarni ota-ona, muallimlar emas, koʻproq ijtimoiy tarmoqlar, turli gadjetlar, qoʻl telefonlari tarbiyalamoqda. Oqibatda ayrim oʻgʻil-qizlarimiz salbiy taʼsirlar tuzogʻiga tushib qolmoqda.

 

Bu borada vaziyatni oʻnglash uchun yoshlarimizda gʻoyaviy immunitetni shakllantirishda kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlishi, bolalarimizga ijobiy taʼsir koʻrsatishlari zarur”, degan davlat rahbari.

 

Shu bois, 7-yoʻnalish doirasida Otabek Hasanov, Alisher Saʼdullayev, Hilola Umarovaga yil yakunigacha ota-onalar, oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontentlar yaratish vazifasi topshirildi.

 

Ushbu kontentlar “milliy tarbiya” elektron platformasiga va yetakchi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib, doimo yangilab boriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//