Ilm-fan
Imom Buxoriyning islom olamida mashhur boʻlgan “Xalqu afʼolil ibod” (Bandalarning amallarini Alloh yaratishi) nomli asari ilk bora oʻzbek tiliga oʻgirildi, deya maʼlum qildi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati rahbari Sherzod Mamatov.
Xabarga koʻra, markaz mutaxassislari tomonida asar tarjimasi va sharhini tayyorlash boʻyicha ikki yil davomida chuqur ilmiy izlanishlar olib borilgan.
Mazkur kitob Imom Buxoriy davrida islom taʼlimotini buzib talqin qilgan bidʼatchi oqimlarning daʼvolariga qarshi yozilgan qatʼiy ilmiy raddiyalardan iborat.
“Muallif “Xalqu afʼolil ibod” kitobini umri oxirlab qolganda – 870-yilda yozib, tugatgan. Unda Qurʼon oyatlari, hadisi shariflar va ulamolarning soʻzlaridan mazkur masala, yaʼni bandalarning amallarini Alloh yaratishi boʻyicha aniq dalillar keltirilgan. Kitobga jami 628 hadis kiritilgan. Oʻquvchiga oson va tushunarli boʻlishi uchun tarjima chogʻida 257 ta izoh va sharh, 248 ta anglatma yozildi”, deydi markaz axborot xizmati rahbari.
Asar Musulmonlar idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazining yetakchi mutaxassislari tomonidan tahrir qilingan.
Shuningdek, Din ishlari boʻyicha qoʻmitada dinshunoslik ekspertizasidan oʻtkazilgan.
Endilikda kitobni Turkiya, BAA, Misr, Buyuk Britaniya, Fransiya Germaniya va boshqa davlatlardagi nufuzli kutubxonalarga taqdim etish, mamlakatimiz va xorijning ilmiy-diniy jamoatchiligi orasida keng targʻib qilish rejalashtirilmoqda.
Xabarda keltirilishicha, “Xalqu afʼolil ibod” asari “Vaqf” fondiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan nashr etiladi.
Maʼlumot uchun, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan shu vaqtga qadar allomaning “Sahihul Buxoriy”, “At-Tarixus sogʻir“, “Birrul volidayn” kabi asarlari oʻzbek tiliga oʻgirilgan boʻlib, ulamoning qolgan asarlarini ham tarjima qilish boʻyicha izchil ish olib borilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q