Sport
Budapeshtda bo‘lgan shaxmat Olimpiadasi ishtirokchilari 24-sentabr kuni Toshkent aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallagan erkaklar jamoasi a’zolariga avtomobillar sovg‘a qilindi. Olimpiadada kumush medal olgan Nodira Nodirjonova bunga o‘z munosabatini bildirdi.
Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lgan 2024-yilgi shaxmat Olimpiadasida qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 24-sentabr kuni Toshkentda tantanali kutib olindi.
O‘zbekistonning erkaklar jamoasi 189 mamlakat orasida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin, Nodirbek Abdusattorov esa kumush medal egasiga aylandi.
O‘zbekistonning ayollar jamoasi esa o‘zining avvalgi natijasi (19-o‘rin)ni yaxshilab, 169 mamlakat orasida 12-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Nodira Nodirjonova esa o‘z taxtasida ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etib, kumush medal egasiga aylandi.
Toshkent aeroportida bo‘lib o‘tgan tantanali kutib olish marosimida shaxmat Olimpiadasida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallagan O‘zbekiston erkaklar jamoasining har bir a’zosiga BYD Chazor avtomobili sovg‘a qilindi.
Ayollar terma jamoasi a’zosi, o‘z taxtasidagi natijasi bo‘yicha kumush medal egasiga aylangan 34 yoshli Nodira Nodirjonova tantanali marosimdan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida musobaqa uning uchun oson kechmaganini ta’kidladi.
“Bu Olimpiada men uchun qiyin kechdi. Chunki oilam bor, farzandli ayolman. Bu mening oltinchi Olimpiadam va bunisida kumush medalni qo‘lga kiritdim. Yevropa, Amerikadan kelgan shaxmatchilarning murabbiylari O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini to‘liq kuzatib, bizga qarshi kuchli tayyorgarlik ko‘rib dona surdi.
Meni to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlagan, farzandlarimga qarab turgan oyijon va dadajonga (qaynona va qaynotasini nazarda tutmoqda) minnatdorchiligimni bildiraman. Olimpiadadan avval tarkibga tushish yoki tushmasligim ham aniq emasdi. O‘shanda turmush o‘rtog‘im: „Nodira, seni qo‘llayman, oxirigacha olib borish kerak. Sen Olimpiadada albatta sovrindor bo‘lasan“, deb ishonch bildirgan edi. Ularning ishonchini oqladim va ularga rahmat deyman”, – degan Nodira Nodirjonova.
OAV vakillari shaxmat Olimpiadasida qatnashgan erkaklar jamoasining har bir vakiliga avtomashina berilgani, bu esa ayollar jamoasiga, xususan, Nodira Nodirjonovaga qanday ta’sir qilgani haqida ham savol bergan. Shaxmatchi bunday munosabatdan ranjiganini yashirmadi.
“(Shaxmatchi qizlarga avtomashina berilmaganidan), albatta, xafaman. (Parijda bo‘lgan) yozgi Olimpiada ishtirokchilarini yaxshi taqdirlashdi, paralimpiyachilarni ham yaxshi taqdirlashdi. Kumush medalni olishim oson bo‘lmadi, bor kuchim va energiyamni berib, harakat qildim”, – degan u.
Ma’lumot uchun, 34 yoshli Nodira Nodirjonova O‘zbekiston terma jamoasi safidagi reytingi eng past ishtirokchi bo‘lgani uchun, shaxmat Olimpiadasida beshinchi (zaxira) taxtada o‘ynadi. Shunga qaramay, u eng ko‘p ochko oldi va birorta mag‘lubiyatsiz: 6 g‘alaba va 2 durang bilan – kumush medal egasiga aylandi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q