“O‘zbekiston tarixi” jurnalining yangi soni nashrdan chiqdi

Saqlash
17:43 / 13.09.2024 828 0

“O‘zbekiston tarixi” jurnalining 2024-yil 2-sonidan o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixining muhim jihatlarini ochib beruvchi maqolalar o‘rin olgan. Jurnalning “Tahlil va talqin” ruknida berilgan “Bir belbog‘, bir yo‘l xitoylik olimlar talqinida” maqolasida loyiha yo‘lida amalga oshirilgan ishlar, ko‘zlagan maqsadlar hamda u orqali xitoy tili va madaniyatini dunyo sahnasiga olib chiqish siyosatining tahlili bilan tanishasiz.

 

Yosh tadqiqotchilarning minbari – “Ilk qadam” ruknida Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Elyor Xojamberdiyevning “Turonning qadimgi va ilk o‘rta asrlar tarixining Eronda o‘rganilishiga oid” maqolasi e’lon qilingan. Unda Turon tarixini tadqiq etgan eronlik olimlarning ilmiy faoliyati va ularning ko‘chmanchi oriylar masalasi, turonliklar va turkiylarning farqliligi, Turonning qadimgi va bugungi kundagi sarhadlari, atalishiga munosabatlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

 

Turkiston taraqqiyparvarlik harakati yetakchilarining mustamlakachi bosqinchilarning tilini qabul qilmaslik yo‘lidagi kurashi, fikrlari va jadidlarning til-imlo masalasidagi gazetalarda chop etilgan maqolalari tahlilini Dilnoza Jamolovaning “Jadidchilik milliy harakati va til-imlo masalasi” maqolasida o‘qishingiz mumkin.

 

Shuningdek, jurnal sahifalarida tarix fanlari doktori Rustam Sulaymonov, tarix fanlari nomzodi Feruza Shomukarramova va Tarix instituti katta ilmiy xodimi, PhD Akmal Muhammadiyev tomonidan olib borilgan “Yerqo‘rg‘on yodgorligi ibodatxonasidagi qazishmalar to‘g‘risida”gi yangi tadqiqotlar bilan ham tanishasiz.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//