Oliy diniy taʼlim beradigan muassasalar yana bittaga koʻpaydi

Saqlash
10:25 / 12.08.2024 1082 0

Imom Termiziy nomidagi islom instituti Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Prezident topshirigʻi bilan Termiz shahrida 2020-2021-oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi tashkil etilgan boʻlib, 2023-2024 oʻquv yilida ilk bitiruvchilar mazkur taʼlim muassasasini tamomladi.

 

Endilikda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan Imom Termiziy nomidagi islom instituti ushbu oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining uzviy davomi sifatida faoliyat yuritadi.

 

Taʼlim muassasasida oʻqish muddati 4 yil boʻlib, bakalavr darajasida hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili boʻyicha oliy diniy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlanadi.

 

Hozirda Imom Termiziy nomidagi islom institutiga 2024-2025-oʻquv yili uchun qabul eʼlon qilingan. Oʻqishga kirish istagida boʻlgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni 2024-yil 14-avgustdan 20-avgustga (shu kuni ham soat 18:00 gacha) qadar davom etadi.

 

Abituriyentlar Qabul hayʼatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

▪️ taʼlim muassasasi rektori nomiga ariza;

▪️ pasport yoki ID karta nusxasi (asli koʻrsatiladi);

▪️ oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasini tamomlagani toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;

▪️ 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (soʻnggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda boʻlishi talab etiladi).

 

✔️ Abituriyentlar quyidagi fanlar boʻyicha qabul imtihonlarini topshiradi:

✅ Arab tili (test sinovi) 30 x 3,1 – 93 ball;

✅ Hadis va Mustalahul hadis (ijodiy imtihon) 30 x 2,1– 63 ball;

✅ Oʻzbekiston tarixi (test sinovi) 30 x 1,1 – 33 ball.

 

Xabarga koʻra, arab tili boʻyicha B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

 

Maʼlumot uchun, taʼlim muassasasiga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

 

Qabul imtihonlarini oʻtkazish sanasi boʻyicha aniq maʼlumot berilmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//