Jamiyat
Strategik islohotlar agentligi tomonidan maʼmuriy choralar va ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligi oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, maʼmuriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlari mavjud emasligini sababli sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib jarima solinmoqda.
Bunda ushbu yoʻnalish tartibga solinmaganligi bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta koʻrib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari koʻpayib ketgan.
Jumladan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln soʻmlik jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11-13 mln soʻm boʻlgan. Bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln soʻm etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa oʻzgarishsiz qolmoqda.
Taqqoslash uchun, Qozogʻistonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun oʻrnatilgan jarima 468 ming soʻmni, Rossiyada – 60 ming soʻmni, Belarusda – 138 ming soʻmni tashkil qiladi.
Agentlik fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti xavfsizligi bilan bogʻliq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq hisoblanishini taʼkidlaydi.
“Fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti xavfsizligini taʼminlash maqsadida inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita daxldor boʻlgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta koʻrib chiqish va ogʻirlashtirish zarur (xususan, piyodalar yoʻlaklarida transport vositalarida harakatlanish – 170 ming soʻm, piyodalar yoʻlni belgilanmagan joydan kesib oʻtishi – 113 ming soʻm)“, deyiladi xabarda.
Xorij bilan taqqoslaganda, Germaniyada piyodani oʻtkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln soʻm, Buyuk Britaniyada – 1,6 mln soʻm, Fransiyada – 1,85 mln soʻm, BAAda – 1,7 mln soʻmni tashkil etadi.
Agentlik xabarida yozilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (23-modda) muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun 7 turdagi maʼmuriy jazo qoʻllanilishi mumkin. Biroq maʼmuriy jazo turi sifatida “ogohlantirish” qoʻllanilmaydi.
“Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (Belarus, Latviya, Qozogʻiston, Rossiya, Germaniya, Italiya) maʼmuriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” instituti joriy qilingan. “Ogohlantirish” jismoniy va yuridik shaxslarning sogʻligʻi, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qoʻllaniladi”, deya xorij tajribasini misol qilib keltiradi Agentlik.
Taʼkidlanishicha, yuqoridagilarni hisobga olgan holda Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
▪️ joriy maʼmuriy jarimalar miqdorini ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirish;
▪️ fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini koʻrib chiqish;
▪️ Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini oʻtkazish;
▪️ Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga maʼmuriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” institutini kiritish.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q