Jamiyat
Namangan viloyati hokimligining bergan xabariga koʻra, Toʻraqoʻrgʻon tumani hududidan (Axsikent) XI va XIV asrga oid noyob qilich, Baqtriya va Xitoy tangalari, Abu Nasr Forobiy qalamiga mansub nodir kitob topilgan.
Xabarda yozilishicha, topilgan qilich XI asrga tegishli boʻlib, jangdan chiqqan holda saqlangan. U qattiq poʻlatdan yasalgan. Shuningdek, yana bir topilma aslaha XIV asrga oid boʻlib, uni Amir Temurning xos askarlari ishlatgan.
Oyina.uz mazkur maʼlumotlarga aniqlik kiritish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Kubayev Surat bilan bogʻlandi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, topilmalarning qaysi davr bilan bogʻliqligi haqida hali toʻliq maʼlumot mavjud emas.
“Topilmalar qayd etilgan joy Temuriylar davrida Axsikent shahri boʻlgan. Biz uni “Temuriylar Axsikenti” deb ham ataymiz. Chunki u yerda aynan Temuriylar davri qatlamlari topilgan.
Qilich agar Amir Temur davriga oid boʻlsa ham, oradan 500 yil oʻtyapti, qanday qilib “hozir jangdan chiqqan qilich” degan xulosa qilish mumkin. Bu kulgili maʼlumotlar. Ular bu soha vakillari emasligi bergan xabarlaridan maʼlum. Mutaxassis bunaqa maʼlumot bermaydi”, deydi u.
Hokimlik bergan xabarda tangalar haqida ham soʻz boradi. Bunda ular “Baqtriya tangasi” deb atalgan va 475-600 yillarga oidligi aytilgan. Mutaxassis bu maʼlumotga ham toʻxtalib oʻtdi:
“Oʻtgan oy topilgan tangalar boʻyicha maʼlumot olish uchun meni chaqirishgan edi. Haqiqatdan ham turli joylardan keltirilgan, turli davrlarga oid tangalardan iborat kolleksiya yigʻilgan edi. Men ularning qayerdan chiqqani, qanday topilgani boʻyicha maʼlumotga ega emasman. Buni ularning oʻzlari ham tasdiqlab berisha olmadi. Chunki tangalar bevosita qazish jarayonida topilmagan. Men 2020-yilda chiqqan topilmalarni tasdiqlayman. Ular rostdan ham Temuriylar davriga oid edi”.
Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimining taʼkidlashicha, oʻsha yillardagi topilmalarning aniq davri va joyini aytib berish mumkin, biroq qolgani turli joydan keltirilgan.
“Bunaqa maʼlumotlarni ilmiy asosda bayon qilishimiz uchun tasdiqlangan manba boʻlishi kerak. Koʻpincha mahalliy aholining berayotgan maʼlumotlari juda ishonchli boʻlmaydi. Sababi, chiqqan topilmalarning aynan joyini yashirish holatlari koʻp kuzatiladi. Ular boshqa joylardan topilma topib kelsa ham, “yoʻq, mana shu yerdan chiqqan” deb turib oladi. Shuning uchun bunaqa maʼlumotlarga biz ishonmaymiz. Bevosita oʻzimiz tadqiqot olib borib, tasdiqlagandan keyin xulosa beramiz”, deya tushuntiradi mutaxassis.
Maʼlum boʻlishicha, Namanganda topilgan qurol-aslaha, kitob haqida Milliy arxeologiya markazidan hech qanday fikr soʻralmagan. Topilma chiqqan joyga ham mutaxassislar bormagan, tasdiqlamagan. Tadqiqot olib borilmagan.
“Viloyat matbuot xizmatidan bunday xabar chiqyapti, (ammo) qaysi mutaxassisning manbasiga tayanib bunaqa shov-shuv koʻtarayotganiga, kim tasdiqlab berganiga tushunmadim. Sababi, bunday maʼlumotlar mutaxassislar xulosasidan keyin tarqatiladi”, deydi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi.
Mutaxassis topilgan kitoblarga ham toʻxtalib oʻtdi:
“Shunday kitoblarni ham yigʻdik deyishdi. Uylardan keyingi davrga oid kitoblarni yigʻishgan ekan. Lekin oʻzim aynan qadimiy arab tilini oʻqiy olmaganim uchun, u kitoblar qaysi davrga oidligini bilolmadim. Chunki uning oʻz mutaxassisi bor. Sharqshunos olimlar, mutaxassislar kitoblarni koʻrib, oʻqib, tasdiqlagandan keyin bunaqa jiddiy xulosalarni aytish mumkin . Men bu kitoblarni oʻrgangan olimlar haqida eshitmadim, koʻrmadim”.
Maʼlumot uchun, Namanganda topilgan kitoblar Abu Nasr Forobiy qalamiga mansubligi aytilmoqda. Biroq bu haqida rasmiy maʼlumot mavjud emas.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q