Jamiyat
Kanadaning Vankuver oroli davlat universitetida akademik va immigratsiya masalalari maslahatchisi boʻlib ishlaydigan Mahbuba Ergasheva faoliyati davomida oʻzbek ismlari rus tiliga moslashtirib yozilgani uchun koʻp tushunmovchiliklar va xato talaffuzlarga duch kelganini taʼkidlaydi.
“Britaniya Kolumbiyasida yurtdoshlarimiz hujjatlarini litsenziya asosida yozma tarjima qilaman va shu jarayonda meni bir jihat juda xafa qiladi. Oʻzbek tilidagi hujjatlarni ingliz tiliga tarjima qilishda lotin alifbosida ismlar qoʻpol va baʼzan hujjat egasining ismini ingliz tilida aytishga istihola qilinadigan holatlarga duch kelaman. Fikrimning isboti sifatida eng yumshoq, ammo rus tilidan transliteratsiya qilingani sabab, ism maʼnosining buzilishiga olib kelgan bir nechta misol keltiraman.
Masalan, Vohid – yakka, yolgʻiz, yakka-yu yagona, odob-axloqda barchaga namuna maʼnosidagi ism. U pasportda Vakhid deb yozilishi bu ismning transliteratsiyasi rus tilidan qilinganining isbotidir. Chunki rus tilida oʻzbek tilidagi oʻ, q, gʻ, h harflari va tovushlarining ekvivalenti yoʻq. Shu sabab oʻzbek tilidagi yumshoq h harfi yoki tovushi rus tilida qattiq x harfiga almashib, lotin alifbosiga oʻgirilganda kh ga aylanadi. Ingliz tilida esa Vakit kabi talaffuz etiladi. Xuddi shu ism oʻzbek tilidan toʻgʻridan-toʻgʻri ingliz tiliga transliteratsiya qilinsa, Wohid boʻladi va uning talaffuzi deyarli oʻzbek tilidagidek chiqadi.
Xuddi shunday ismlardan biri mening ismim Mahbuba. Mahbuba – arab tilidan olingan boʻlib, suyukli, aziz doʻst, dilbar qiz maʼnolariga ega. Lekin rus tiliga Maxbuba shaklida oʻtgani uchun uni pasportimda Makhbuba deb yozishgan. Ingliz tilida soʻzlashuvchilar esa uni Makapuba, Mahabubba, Mak yoki Buba kabi har xil talaffuz qilishadi va bu meni noqulay vaziyatga soladi. Aslida, bu ismning toʻgʻri va aniq oʻzbek tilidan ingliz tiliga transliteratsiyasi Mahbooba bo‘ladi.", deydi u.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, oʻzbek tili turkiy tillar oilasiga, ingliz tili esa german tillar (Indo-Yevropa tillar guruhi) oilasiga mansub boʻlib, har ikkala tilda ham uch-toʻrtta ohang (ton) oraligʻida soʻzlashiladi. Bu ikki til uch-toʻrtta ohang, tovush oraligʻida soʻzlashish imkoni bilan bir-biriga yaqin, yaʼni ismlar transliteratsiyasida, lotin alifbosiga oʻgirishda aniq moslashtirishning imkoni bor.
“Ammo hozirgacha Oʻzbekiston pasportlarida ismlar rus tili orqali transliteratsiya qilinadi. Bu nafaqat oʻzbek ismlarining qoʻpol oʻgirilishiga, balki ularning maʼnosi buzilishiga ham sabab boʻladi va, afsuski, ayrim hollarda ingliz tilida haqorat soʻzlariga aylanib qoladi”, deydi akademik ayol.
U, shuningdek, buzilgan ismlar transliteratsiyasini faqat sobiq ittifoqning ayrim davlatlaridan keluvchi talaba va xodimlar pasportlarida koʻrganini aytadi.
“Oʻz tiliga ega mustaqil davlat fuqarolarining ismi oʻz chiroyini pasportlarida namoyon etishi muhim. Vorvik universitetining qonunshunoslik professori Jeyn Brayn oʻz ismining qayta-qayta notoʻgʻri talaffuz etilishi insonda begonalik, boshqalarga nisbatan kamroq qadrlangandek boʻlish hissiyotiga olib kelishini isbotlagan. Hozir xorijga ketayotgan oʻzbeklar soni oshib boryapti. Shundoq ham yurtidan uzoqda boʻlgan odamlarning ismi ham xato yangrasa, bu ularni Oʻzbekistondan yana ham uzoqroq his qilishlariga sabab boʻlishi mumkin”, deya soʻzlarini yakunlaydi Mahbuba Ergasheva
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q