“Muhandislarning 60 foizi oʻzi oʻqigan yoʻnalishida ishlamayapti” – Prezident

Saqlash
22:24 / 20.06.2024 331 0

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

 

36 ta oliygoh rektorlari ham qatnashayotgan yigʻilishda OTMlar zamon talabini anglamayotgani, yoʻnalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talablariga mos emasligi tanqid qilindi.

 

Jumladan, yurtimizda yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, ularda 150 ming atrofida ish oʻrni yaratilayotgan boʻlsa, shundan 35 mingtasi texnika yoʻnalishiga tegishlidir.

 

Biroq texnika oliygohlarida yoʻnalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga javob bermayapti. Masalan, Davlat texnika universitetidagi 76 ta bakalavr yoʻnalishidan 45 tasi, 73 ta magistratura mutaxassisligidan 51 tasi bugungi kunda yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida oʻqitilmaydi.

 

Oqibatda muhandislarning 60 foizi oʻzi oʻqigan yoʻnalishida ishlamayapti.

 

Toʻqimachilik sohasida ham xuddi shunday vaziyat.

 

Xususan, joriy yilda toʻqimachilikda 776 ta loyiha amalga oshirilib, 72 ming ish oʻrni yaratildi. Endi mazkur loyihalar boʻyicha 4 mingta muhandisga talab bor.

 

Lekin bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yoʻnalishida kam talaba bitirmoqda.

 

Yaʼni, Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Fargʻonada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yoʻgʻi 153 nafar talaba ushbu yoʻnalishni tamomlamoqda. Bu esa talab qilinayotgan mutaxassislarning yarmini ham qoplamaydi.

 

Davlat rahbari bu masalani hal qilishda hokimlarning ham oʻrni borligini taʼkidlagan.

 

Yigʻilishda hokimlar oʻz hududida aniq mutaxassisga shuncha ehtiyoj boʻla turib, rektorlar bilan ishlamayotgani, oliygohlarga buyurtma bermayotgani tanqid qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//