Oʻzbekistonda har bir kishi dori vositalariga qancha pul sarflaydi?

Saqlash
21:32 / 20.06.2024 303 0

Oʻzbekistonda birinchi marta soliq organlari fiskal cheklar boʻyicha dori vositalari savdosi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, respublika boʻyicha 8 002 ta dorixona roʻyxatga olingan boʻlib, ularda 15 609 ta onlayn-NKT mavjud.

 

Maʼlumot uchun, xarid qilingan dori vositalari uchun isteʼmolchilarga berilgan fiskal cheklarda koʻrsatilgan MXIK asosida aholining tibbiy preparatlar uchun qancha mablagʻ sarflayotgani toʻgʻrisida maʼlumotlar shakllanadi.

 

Jumladan, taqdim etilgan ilk maʼlumotda joriy yilning 5 oylik hisoboti tahlil qilingan.

 

Unga koʻra, mazkur davr oraligʻida dori vositalari uchun eng katta xarajatlar Toshkent shahri (2,1 trln soʻm), Samarqand (986,9 mlrd soʻm) va Toshkent viloyatlarida (663,4 mlrd soʻm) qayd etilgan.

 

Aynan poytaxtda katta summa sarflanganining boisi, yirik tibbiyot muassasalarining aynan ushbu hududda joylashganligidadir.

 

Respublika hududlari kesimida eng kam xarajatlar Jizzax (201,3 mlrd soʻm), Navoiy (191,6 mlrd soʻm) va Sirdaryo (170 mlrd soʻm) viloyatlariga toʻgʻri kelgan.

 

Quyida 5 oy davomida hudud jihatidan har bir kishining dori vositalariga sarflagan summasi keltirilgan:

Toshkent shahrida – 750 ming soʻm;

Buxoro viloyatida – 277 ming soʻm;

Samarqand viloyatida – 245,1 ming soʻm.

 

Yanvar-may oylarida aholi jon boshiga nisbatan kamroq xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:

Qashqadaryo viloyatida – 120 ming soʻm;

Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 118 ming soʻm;

Surxondaryo viloyatida – 114 ming soʻm.

 

 

Taʼkidlanishicha, dori vositalarining katta qismi quyidagi kasalliklarni davolash maqsadida sotib olingan:

1. yurak-qon tomir kasalliklari;

2. infeksion kasalliklar;

3. ogʻriq qoldiruvchi vosita;

4. asab tizimi kasalliklari;

5. oshqozon-ichak kasalliklari;

6. nafas olish yoʻllari kasalliklari;

7. tayanch-harakat tizimi;

8. tomoq-burun kasalliklari;

9. jigar kasalliklari.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//