Yosh nosir va shoirlar reytingi: Katta ijodkorlar kimni oʻqiydi?

Saqlash
23:09 / 15.12.2021 4049 0

Vaqti zamonida Usmon Nosir haqida “U sheʼriyatimizga boʻron kabi kirib keldi” deb taʼrif berilgandi. Xoʻsh, bugun-chi, bugun oʻzbek adabiyotiga ana shunday shiddat bilan kirib kelayotgan yoshlar bormi? Bor boʻlsa ularga taʼrif berishga haqdor katta oʻzbek shoir, yozuvchilari, adabiyotshunoslari ular haqida biladimi, ularni oʻqiydimi?

 

Ayni shu savollarga javob topish maqsadida Oyina.uz sayti oʻzbek adabiyotidagi katta avlod shoir, yozuvchilari hamda adabiyotshunoslariga ular oʻqiydigan 10 ta yosh ijodkor roʻyxatini soʻrab yuzlandi. Natijalar esa bir qadar hayratli, bir qadar kutilgan va kutilmagan.

 

Soʻrovnomadagi shoirlar roʻyxati uchun 10 dan ortiq shoir, adabiyotshunoslarga murojaat qildik. Afsuski, bir nechta ijodkorlardan javob olishning imkoni boʻlmadi. Usmon Azim, Halima Ahmad, Sirojiddin Sayyid, Faxriyor kabi ustoz shoirlar esa roʻyxat bermaslikni maʼqul koʻrishdi. Sababi kimdir yoshlarni oʻqib borsa-da hali fikr bildirishga erta deb hisoblaydi, kimdir esa deyarli oʻqimaydi, kimningdir esa tadbirlar, ishlar sabab vaqti yoʻq...

 

Xullas, 11 nafar ijodkor – Yoʻldosh Eshbek, Xurshid Davron, Aziz Said, Eshqobil Shukur, Iqbol Mirzo, Zebo Mirzo, Hosiyat Rustamova, Suvon Meli, Bahodir Karim, shuningdek, “Yoshlik” jurnali muharriri Nurilla Chori, Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Botir Ergashlar bergan roʻyxatga koʻra, bugun oʻzbek sheʼriyatida 30 yoshgacha (baʼzi istisnolar ham uchradi) boʻlgan shoirlar 10 taligida yosh ijodkorlar quyidagicha oʻrin egalladi:

 

1. Jontemir – Shahriyor Shavkat – 7 ta ovoz

2. Mehrinoz Abbosova – Madina Norchayeva – 6 ta ovoz

3. Suhrob Ziyo – Feruza Xayrullayeva – 5 ta ovoz

4. Mirzohid Muzaffar, Muhammad Siddiq, Kumush Abdusalomova – 4 ta ovoz

5. Nozima Habibullayeva, Rahmat Bobojon, Begali Eshonqulov, Xurshid Abdurashid, Bashorat Otajonova, Tillaniso – 3 ta ovoz

6. Behzod Fazliddin, Jamoliddin Badalov, Nurmuhammad Aziz, Nargiza Odinayeva, Jaloliddin Sayyid, Najmiddin Ermatov, Gulhayo Anorova, Zulhumor Orifjonova – 2 ta ovoz

 

 

Shuningdek, Elyor Murod, Bobur Elmurod, Iftixor Xonxoʻjayev, Muhammad Ibrohim, Olimjon Suyar, Shavkat Doʻstmuhammad, Abduqodir Mahmud, Iqbol Yusuf, Masihulloh, Islom Qoʻchqorov, Feruz Neʼmatullayev, Rafiq Saydullo, Farrux Hasanov, Iroda Umarova, Nasrullo, Alisher Boymurodov, Rustam Mirvohid, Iroda Rahmonaliyeva, Mirzaozod Mirzaneʼmatov, Sevinch Avezova, Nilufar Hamroyeva, Xoʻjayor, Orif Komil, Saodat Fayziyeva, Nabibulla Azizovlar ham ustozlar tomonidan eʼtirof etildi.

 

Shu oʻrinda soʻrovnoma jarayonida shoir Aziz Said tomonidan aytilgan bir gapni keltirib oʻtishni joiz topdik:

 

– Men sizga 10 ta familiya berarman ham, lekin 11-12-15-sining ham men eʼtirof etadigan fazilatlari bor, ularchi.... Shaharlarni kattaligiga, minoralarning balandligiga, boylarning sarmoyasiga, kinolarning koʻp koʻrilganiga, kitoblarning koʻp sotilganiga qarab 10 lik, 20 talik roʻyxatlar tuzish mumkin, ammo inson... Ijod qalb bilan, tuygʻular bilan bogʻlik... Sening qalbing, tuygʻularing, iztirobing, muhabbating bu 10 talikka kirmadi, deymizmi... Isteʼdod Xudodan, uning qay darajada ekanligi ayni ijodkorning shaxsiy fazilati ham, aybi ham emas. Mahorat butunlay boshqa masala...

 

Ammo soʻrovnomaning maqsadi kimlarnidir ajratib koʻrsatish emasdi, aslo. Maqsad... Bu haqida maqola soʻngida toʻxtalib oʻtamiz.

 

Yosh nosirlar roʻyxati ham 11 nafar ijodkorlar – Nazar Eshonqul, Abduqayum Yoʻldosh, Isajon Sulton, Ulugʻbek Hamdam, Sobir Oʻnar, Luqmon Boʻrixon, shuningdek, Suvon Meli, Marhabo Qoʻchqorova, Bahodir Karim, Nurilla Chori, Botir Ergashlarga tayanib tuzildi.

 

Aytish kerakki, Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam, Xurshid Doʻstmuhammad, Uzoq Joʻraqulovlardan roʻyxat soʻralganida javob bermaslikni maʼqul topishdi. Sababi esa yuqorida aytilganidek, kimdir yoshlarni ayaydi, kimdir oʻqimaydi ularni, kimdir esa oʻzbek adabiyotida hech kim yoʻq deb hisoblaydi...

 

Ammo, baʼzi adiblar yoshlar haqidagi aniq tasavvurlarini biz bilan boʻlishdi. Jumladan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton oʻzi bergan roʻyxatdagi yozuvchilar haqida quyidagicha fikr bildirdi:

 

- Bu yoshlarimizning har biri oʻziga xos, ifoda uslubi, voqea va mohiyatga yondashishi turlicha. Aytaylik, oʻnta ijodkor ijodiga razm solsangiz, voqelikning oʻn xil aksini koʻra olasiz. Ularning hikoya va qissalarida zamon tushunchasi “katta avlod” asarlaridan oʻzgacharoq tarzda aks etadi: biri uchun bugun - oʻtmish va hozirning birlashuvi, boshqasi uchun esa, kelajakning tamali boʻlib tuyuladi. Yana biri real hayotdan butunlay “uzilib”, uning kishi ongidagi akslariga qiziqadi. Xullas, hali uzoqlashib ulgurmagan bolalikning begʻubor taassurotlari, rango-rang tasavvurlar, ustoz adiblarning goh ochiq-oydin, goh bilinar-bilinmas sezilib turgan taʼsirlari - shularning bari asarlarda koʻrinib turadi. Shaxsiyati takomilga yetib borishiga va bilimi oshib borishiga qarab, ertangi kunimizning yangi yozuvchilariga aylanishadi, degan umid bor.

 

Demak, 35 yoshgacha boʻlgan oʻzbek nosirlari 10 taligida bugungi kun ijodkorlari quyidagicha oʻrin egalladi:

 

1. Nodirabegim Ibrohimova – 8 ta ovoz

2. Bayram Ali Qoʻldoshev – 6 ta ovoz

3. Nurillla Chori – 5 ta ovoz

4. Sherzod Komil Xalil, Sanjar Tursunov, Jasur Kengboyev, Javlon Jovliyev – 4 ta ovoz

5. Raxshona Ahmedova, Navroʻza Mahammadxoʻjayeva, Shavkat Doʻstmuhammad, Bibi Robia Saidova, Xoliyor Safarov, Muyassar Tilovova – 3 ta ovoz

6. Goʻzaloy Solih, Sherbek Bobonor oʻgʻli, Anvar Suyun, Shahzod Ergashev, Azizbek Norov, Maʼruf Mengli – 2 ta ovoz.

 

 

Shuningdek, Alisher Nazarov, Alisher Fayzullayev, Jumanazar Yoʻldoshev, Shukrullo Ahmedov, Suhrob Avvalboyev, Rafiq Saydullo, Manzura Abdullayeva, Sardor Hamroyev, Aziz Norqulov, Boboravshan Gʻoziddinov, Fozil Farhod, Farrux Jabborov, Charos Avezova, Iroda Bekmurodova, Mohira Eshpoʻlatova, Firdavs Shokirov, Saʼdulla Quronov, Furqat Alimardon, Sherzod Ortiqov, Olim Jumaboyev, Maʼmura Toʻrayeva, Rohilabonu Gʻoʻchchiyeva, Tozagul Jumanova, Zikrilla Mamatovlar ham yozuvchilar bergan roʻyxatdan oʻrin olishganini aytib oʻtish kerak.

 

Adabiyotshunos Bahodir Karim oʻz roʻyxatini berarkan, yoshlar ijodi oʻqilmayotganiga bir nechta sabablarni keltirib oʻtdi.

 

– Yoshlar yozmayapti emas, yozyapti, lekin favqulodda narsalar yoʻq bugun. Ularning ijodini kattalar oʻqimayotganining yana bir sababi yomon yozishayotganida emas, balki lotin alifbosi xalal berayotganida boʻlishi mumkin. Va bugungi yoshlarning qiyofasi ulkan adabiy shaxs sifatida shakllanmayapti. Choʻlpon, Usmon Nosir, Shavkat Rahmon, Usmon Azimlar 30 yoshida birovga soʻz bermagan. Shu yoshgacha katta adabiyot yarata olishgan. Bugun-chi?! Axir, iyakni qoʻlga tirab rasmga tushish ijodkorlik emas! Uyushmaga aʼzo boʻlishadi, kitobi chiqadi, xoʻp, undan keyinchi?! Unutmaslik kerak, yozarkansiz, yozganlaringiz odamlarning esida qolishi lozim...

 

Soʻrovnoma sabab katta avlod ijodkorlari bilan suhbatlasharkanmiz, ularning ichida yoshlarga aytadigan gaplari koʻpligi sezildi. Aslida mana shu roʻyxat ham shu gaplarning bir boʻlagidir, balki... Xususan, xalqimizning sevimli shoiri Yoʻldosh Eshbekning yoshlarga atalgan soʻzlari misol bo'ladi bunga:

 

– Bizning yoshlar hammadan yaxshiroq yozyapti. Faqat mehr kamroq yozganlarida. Baribir ularga eʼtibor berish, koʻproq targʻib qilish kerak. Yoshlar esa qoʻrqmasdan yozishlari kerak. Qoʻrqarkansiz, Vatan Vatan boʻlmaydi, sheʼriyat sheʼriyat boʻlmaydi!

 

Agar siz yaxshi koʻrib oʻqiydigan shoir yo yozuvchingiz roʻyxatda boʻlmasa yoki biror ijodkor oʻz familiyasini unda uchratmagan boʻlsa ham bu qoʻrqinchli emas, aslida. Boisi, bu kabi roʻyxatlar nisbiy boʻlganidek, unga kirish yoki kirmaslik nimanidir anglatishi haqidagi fikrlar ham bahsli. Biz shunchaki maqola orqali yoshlar kattalarni tinglashini, katta avlodning nigohini esa yoshlarga qaratishni maqsad qilgandik. Sababi bugun adabiyot kattalari yoshlarni tan olmas ekan, eʼtirof qilmas, oʻqimas ekan, boshqalardan oʻpkalash bemaʼnilik boʻlar.

 

Soʻrovnomamiz yakunida roʻyxat berishni istamasa-da, mavzu haqida fikr bildira turib, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning bugungi adabiy muhit haqida kuyinib aytgan soʻzlarini keltirib oʻtmoqchimiz:

 

– Bugungi shoirlarni oʻqiyman. Koʻpining ismi esimda qolmaydi, ammo umidli yoshlar bor. Bilasizmi, adabiyotga kirish oson, ammo unda qolish, qola bilish qiyin boʻlib qoldi. Chunki bugun ijodkor yetarlicha ragʻbatlantirilmayapti, turmush tashvishlariga koʻmilib, ijodni unutib qoʻyar darajaga boryapti. Ijodkorning, shoirning ijodi qadrlanmas ekan, bugun oʻzbek adabiyotiga kirib kelayotgan bu yoshlarning birortasi ertaga maydonda qolmaydi!

 

Bu gaplarning rostligiga oʻtgan davrlar mobaynida adabiyotga yonib kirib kelgan oʻnlab isteʼdodlarning bugun turmush qiyinchiliklari sabab oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib qolgan taqdirlari misol boʻla oladi, afsuski. Davlatimiz tomonidan adabiyotga, shoir-yozuvchilarga eʼtibor oʻzgargan, uyushma tomonidan yoshlarimizning kitoblari bepul chiqarilayotgan, yilt etgani uyushmaga qabul qilinayotgan bir davrda mana shu jihatlar ham eʼtiborga olinib, dunyo bilan boʻylasha oladigan adabiyotimizning yosh vakillariga yanada koʻproq eʼtibor qaratilishidan umidvormiz. Har holda bugungi yosh ijodkorlar shunga ishona boshlagan...

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//