Jamiyat
Oʻzbekistonda 10 dan ortiq nafaqa va moddiy yordam turlari mavjud.
Bular quyidagilar:
Homiladorlik va tugʻish nafaqasi – 2 mln 484 ming soʻm.
Mazkur turdagi nafaqa ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan yuridik shaxslarda (yaʼni toʻliq davlat tasarrufida boʻlmagan tashkilotlar) mehnat shartnomasiga asosan oxirgi olti oy davomida uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan ayollarga tayinlanadi. Nafaqa fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da tayinlangan holda bir marta toʻlanadi.
Dafn etish uchun nafaqa – 1 mln 388 ming soʻm.
Bu turdagi nafaqa vafot etgan shaxsning eri (yoki xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga, ular boʻlmaganda esa, dafn etishni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan shaxsga toʻlanadi.
Oʻlim haqidagi dalolatnoma FHDY organining elektron arxiv tizimida qayd etiladi va nafaqa avtomatik tayinlanadi.
Maʼlumot uchun, nafaqa puli oʻlim qayd etilganidan soʻng “Xalq banki” boʻlimi (filiali) tomonidan toʻlanadi.
Farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa yoki “suyunchi puli” – 738 ming 150 soʻm.
Joriy yilning ikkinchi choragidan boshlab “suyunchi puli” tartibi oʻzgardi. Jumladan, farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun barcha ayollarga toʻlanadi. Ikkinchi farzandi uchun esa farzand tugʻilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etiladi.
Yangi tartibga koʻra, “suyunchi puli” olish uchun fuqaro Davlat xizmatlari markaziga (DXM) borib, ariza yozadi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band qonuniy vakil uchun tayinlanadigan nafaqa – 621 ming soʻm.
Bu turdagi nafaqa fuqarolar murojaatisiz “proaktiv shakl”da tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda 18 yoshgacha boʻlgan bolaga nogironlik belgilanganda Ijtimoiy himoya milliy agentligi uning qonuniy vakiliga nafaqa tayinlash uchun elektron maʼlumotlarni soʻrovnoma shaklida “Pensiya” axborot tizimiga yuboradi. Soʻrovnoma raqamlashgan tarzda Pensiya jamgʻarmasining “Pensiya” axborot tizimi orqali koʻrib chiqiladi.
Tayinlanganlik yoki rad etilganlik javobi SMS tarzida daʼvogar shaxsga yuboriladi.
Nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarga tayinlanadigan nogironlik nafaqasi – 747 ming soʻm.
Bu turdagi nafaqa nogironligi boʻlgan (shu jumladan, orfan kasalligi boʻlgan) yoki OIVga chalingan 18 yoshgacha bolalar yoki ularning qonuniy vakillariga beriladi. Mazkur nafaqa ham fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda 18 yoshgacha boʻlgan bolaga nogironlik belgilansa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, agar OIV tashxisi qoʻyilsa, Sogʻliqni saqlash vazirligi nafaqalarni tayinlash uchun maʼlumotlarni “Pensiya” tizimiga yuboradi. Oʻrganish natijalariga qarab nafaqa tayinlanadi yoki tayinlash rad etiladi.
Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga tayinlanadigan nafaqa:
▪️ I guruh uchun – 833 ming 750 soʻm;
▪️ II guruh uchun – 747 ming soʻm.
Bu turdagi nafaqa bolalikdan nogironligi boʻlgan (I yoki II guruh, 18 yoshdan katta) shaxslarga tayinlanadi.
Nafaqa olish huquqi paydo boʻlgan shaxs yoki uning qonuniy vakili buning uchun oʻzi DXMga kelib yoki YIDXPda onlayn roʻyxatdan oʻtgan holda murojaat qiladi.
Nogironlik nafaqasi (I yoki II guruh);
▪️ I guruh uchun – 833 ming 750 soʻm;
▪️ II guruh uchun – 747 ming soʻm.
Bu turdagi nafaqa davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan I yoki II guruh nogironligi bor shaxs deb topilgan fuqarolarga tayinlanadi.
Mazkur nafaqani olish uchun ham DXMga yoki YIDXPda onlayn roʻyxatdan oʻtgan holda murojaat qilinadi.
Yetarli ish staji boʻlmagan keksalar uchun tayinlanadigan yoshga doir nafaqa – 621 ming soʻm.
Bu nafaqalar quyidagi shaxslarga umrbod muddatga, har oyda toʻlab boriladi:
▪️ bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor (boʻlgan) onalarga 55 yoshdan boshlab;
▪️ ayollarga 60 yoshdan boshlab;
▪️ erkaklarga 65 yoshdan boshlab.
Nafaqa tayinlanishi uchun fuqaro Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi kera boʻladi.
Boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi:
▪️ bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun – 621 ming soʻm;
▪️ keyingi har bir oila aʼzosi uchun – 212 ming soʻmdan.
Bu turdagi nafaqa davlat pensiyasi olish huquqiga ega boʻlmagan, vafot etgan shaxsning qaramogʻida boʻlgan oilaning mehnatga layoqatsiz aʼzolariga beriladi. Yaʼni, bunday shaxslar – bolalar, aka–ukalar, opa–singillar va nabiralarga mehnatga qobiliyatli ota-onasi boʻlmagani uchun tayinlanadi.
Shu bilan birga, ushbu nafaqani tayinlashda boshqa qator tartiblar mavjud.
Maʼlumot uchun, taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilari va talabalari oʻqish davri davomida (23 yoshga toʻlguncha) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga ega.
Kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam:
▪️ oilada uch yoshgacha boʻlgan bir bola uchun – 325 ming soʻm.
▪️ eng birinchi farzand uch yoshdan katta boʻlsa – 250 ming soʻm;
▪️ ikkinchi farzandga ikki holatda ham – 150 ming soʻmdan;
▪️ keyingi farzandlarning har biri uchun – 100 ming soʻmdan.
Maʼlumot uchun, nafaqadan tashqari, moddiy yordam miqdori oyiga 380 ming soʻm boʻlib, 6 oy davomida toʻlanadi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali kam taʼminlangan oilalarga tayinlanadi.
Taʼkidlash lozim, mazkur mablagʻlarni olish uchun murojaatchining har bir oila aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan, yaʼni 648 ming soʻmdan kam boʻlishi lozim.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q