Bola psixologiyasini u chizgan suratlardan bilib olish mumkin

Saqlash
23:15 / 24.05.2024 2189 0

Mutaxassislar suratlar orqali bola ruhiyatida qanday salbiy oʻzgarishlar yuz berayotganini bilib olish mumkinligini taʼkidlaydi.

 

Sinchkov ota-ona esa farzandi chizgan baʼzi suratlarni oʻzicha tahlil qilgan holda, zudlik bilan shifokor yoki mutaxassisga murojaat qilishi kerak.

 

Albatta, buning uchun bola chizayotgan tasvirlar maʼnosiga jiddiy qarash shart.

 

Masalan, bola surat chizishda qalamga yetarli bosim bermasa, yaʼni chizgan chiziqlari xira boʻlsa, boʻyaladigan qism uchun belgilangan chegarani ham qoʻshib boʻyab yuborsa yoki boʻyashni chegaragacha yetkazolmasa, bu nevrologik kasalliklar, koʻrish yoki mushak-skelet tizimida qandaydir zaif rivojlanish borligini anglatadi. Bunda ota-ona farzandini pediatr yoki nevrolog qabuliga olib borishi kerak.

 

Agar bola suratlarda tez-tez ichki organlarni tasvirlayotgan boʻlsa, unda psixiatr bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

 

Chizilgan rasmlarda tana qismlari boʻlak-boʻlak tasvirlansa ham, mazkur holatga jiddiy qarash lozim. Agar bola inson tanasini butunligicha chiza olmasa, bu uning ruhiyatida salbiy oʻzgarishlar yuz berayotganini anglatadi.

 

Agar bola chizgan suratlarida doim bir xil joy, bir xil koʻrinishlarni tasvirlab, odatdagidek bir xil ranglar ishlatgan boʻlsa, ushbu holat unda psixologik travma borligini bildiradi. Yaʼni, tasvirlangan joy bola uchun juda muhim. Bu joy bilan bogʻliq uning qandaydir xotirasi bor. U surat orqali qachonlardir xotirasida qolib ketgan tushunarsiz va tashvishli vaziyatni eslayotgan boʻladi.

 

Suratlarda jonli narsalarning yoʻqligi ham xavotirlidir. Bordi-yu bola odamlar yoki hayvonlarni emas, faqat jonsiz va mavhum narsalarni chizayotgan boʻlsa, bu uning muloqotda qiynalayotganini anglatadi. Shuningdek, mazkur simptom nevrologik kasallik signali ham boʻlishi mumkin, masalan, autizm kabi.

 

Rasmlardagi tishlari haddan tashqari katta qilib chizilgan hayvonlar, oʻqotar qurollar tutgan odamlar, portlashlar koʻrinishi, azob chekayotgan insonlar yoki hayvonlar, vayron qilingan binolar, odamlarga qaratilgan uchli oʻqlar tasviri ham ota-onalarni sergak torttirishi zarur. Shuningdek, bu turdagi suratlarda qora va qizil ranglar meʼyoridan ortiq ishlatilgan boʻlsa, bu bolada kuchli qoʻrquv, yashirin (yoki yashirin emas) tajovuzni, u boshdan kechirgan zoʻravonlikni va unga kuchli taʼsir qilgan vaziyat yoki yangiliklarning “iz”larini anglatishi mumkin.

 

Agar mazkur holat kuzatilsa, bola bilan xotirjam suhbatlashgan holda, suratda nima tasvirlangani, qahramonlarning his-tuygʻulari, jarayonda nima sodir boʻlganini soʻragan maʼqul. Shu bilan birga, u bu rasmlarni chizganda nimani his qilishini ham soʻrash kerak. Eng toʻgʻri yoʻl esa bolalar psixologiga murojaat etishdir.

 

Suratlarda shikastlangan odamlarning tasvirlanishi ham yaxshi belgi emas. Bunday obrazlar bolada gapirib berish qoʻrqinchli boʻlgan kuchli ogʻriqning belgisi boʻlishi mumkin. Bunda jarohat odamlar yoki hayvonlarning aynan qayerida tasvirlanganiga ham eʼtibor berish lozim. Bu uning qaysi aʼzosi jarohatlanganini “aytib beradi”.

 

Bolaning rasm chizishdan butunlay bosh tortishi ham normal holat hisoblanmaydi. Bu yaxshi rivojlanmagan fikrlash xususiyati hamda yashirin psixologik muammolar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Balki bola xato qilib qoʻyishdan qoʻrqar. Yoki travma olganmi? Afzali, bolalar psixologi bilan maslahatlashish kerak.

 

Maʼlumot uchun, bu faqat 5 yoshdan katta bolalar uchun qilingan tahlildir.

 

Oldinroq bolalar chizgan suratlar orqali ularni tushunish mumkinligi haqida maʼlumot berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//