7 ming yillik tarixni oʻzida jamlagan muzey-qoʻriqxonaning chegaralari qayta belgilangani aytildi

Saqlash
16:10 / 17.05.2024 2194 0

Navoiy viloyatida joylashgan “Sarmishsoy” davlat muzey-qoʻriqxonasi 7 ming yillik tarixni oʻzida jamlagan maskan hisoblanadi.

 

U Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan.

 

Navoiy viloyati Navbahor tuman hokimining 2009-yil 14-iyuldagi tegishli qarori binoan tuman kadastri tomonidan 5000 ga maydon muzey-qoʻriqxona uchun alohida belgilab berilgan.

 

Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, 2019-yilda “Sarmishsoy” davlat muzey-qoʻriqxona hududidan qimmatbaho metallarni ajratib olishda oltin izlovchilarga yer ajratib berilgan va qazishma ishlari olib borilgan.

 

Oradan 2 yil oʻtib, yaʼni 2021-yil 3-martda qabul qilingan qarorning 11-ilovasiga asosan ushbu muzey-qoʻriqxonasining qoʻriqlanadigan tegralarining chegaralari qayta belgilangan.

 

Maʼlumot uchun, “Sarmishsoy” qoyalariga bitilgan tasvirlari bilan nom chiqargan. Taxminlarga koʻra, u yerda oʻn mingdan ortiq noyob qoyatosh bitiklari bor.

 

“Sarmishsoy”da tosh davri makon va manzilgohlari, qadimgi mozor va sugʻorish tarmoqlarining qoldiqlari, ustaxonalar, shaxta va koʻhna qishloq xarobalari ham saqlanib qolgan boʻlsa-da, ularning aksariyati hanuzgacha tadqiq qilinmagan.

 

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda ushbu muzey-qoʻriqxona hududi ayanchli holatda.

 

Aynan qimmatbaho metall uchun hududdan yerlarning boʻlib berilishi muzey-qoʻriqxonani yomon ahvolga olib kelgan.

 

Milliy tiklanish demokratik partiyasi xabariga koʻra, tadbirkorlar oʻz ishlarini nihoyasiga yetkazganidan keyin soylarni asl holatiga qaytarish, qazilgan chuqurliklarni toʻldirishlari kerak edi. Yaʼni, tadbirkorlar davlat bilan shunday kelishuvda boʻlgan. Ammo bu ishlar umuman bajarilmagan. Soylar 30-50 metr chuqurlikda kovlanishi natijasida shagʻal-tosh va qum uyumlari paydo boʻlgan. Buning taʼsirida buloq va yer osti suvlari yoʻqolib bormoqda. Bu nafaqat jonzotlarga, oʻsimlik dunyosiga ham jiddiy zarar yetkazmoqda.

 

Mazkur xabarga munosabat bildirgan Madaniy meros agentligi qoʻriqxona hududi qayta belgilangani bilan kifoyalangan.

 

“Hozirgi vaqtda “Sarmishsoy” davlat muzey-qoʻriqxonasi hududidan oltin qazib olish maqsadida jismoniy va yuridik shaxslarga yer maydonlarini ajratib berish holatlari mavjud emas”, deyiladi agentlik xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//