Grantda oʻqiydigan talabalardan davlat uchun 3 yil ishlar berish majburiyati olib tashlandi

Saqlash
20:56 / 08.05.2024 2264 0

Endi davlat buyurtmasi parametrlarini amaldagi oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etiladi.

 

Ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlarga davlat buyurtmasi qisqartiriladi. Ortib qolgan kvotalar esa muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalari orasida taqsimlanadi.

 

Shuningdek, 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash va ularga boʻlgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.

 

Maʼlumot uchun, hozirda bu davr 1 yil hisoblanadi.

 

Davlat buyurtmasi asosida grant oʻrinlari har bir yoʻnalish uchun respublika boʻyicha toʻplangan ballar ketma-ketligiga koʻra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi. Yaʼni, respublika boʻyicha bir yoʻnalishda kim yuqori ball olgan boʻlsa, oʻsha birinchilardan boʻlib grant oʻringa tavsiya etiladi. Bunda ajratilgan kvotalar oʻsha hududda oʻqishga topshirganlar orasida taqsimlanib qolmaydi.

 

Yangi tizimda taʼlim granti amalda boʻladi. mazkur amaliyotda grant oʻrinlari talabalarga bir oʻquv yili uchun ajratiladi. Bunda 1-kursda grantga kirgan talabalar 2-kursda oʻzlashtirishiga qarab yo grantga yoki kontraktga almashadi. Yaʼni, 2-kursdan boshlab reyting koʻrsatkichlari boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan talabalar grantda oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant esa maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun oʻqish davri uchun beriladi.

 

Taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tugatgandan soʻng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

 

Sirtqi taʼlim shakli uchun kvotalarni kunduzgi taʼlim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//