Endi yuqori ball olgan yoshlar oʻqishga kirmay qolmaydi

Saqlash
14:25 / 07.05.2024 883 0

Davlat granti oʻrinlari ham eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlar tanlovi asosida belgilanadi.

 

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy taʼlim tizimi boʻyicha boʻlgan taqdimotda aytib oʻtildi.

 

Maʼlumot uchun, bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yoʻnalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda toʻliq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

 

Shu bois taqdimotda taʼlimning xalqaro tasnifi, ilgʻor xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori boʻlgan sohalarda yangi yoʻnalishlar ochish boʻyicha takliflar bildirildi.

 

Shu yilning 1 sentyabriga qadar esa oʻquv jarayonlarini toʻliq qayta koʻrib chiqib, yangi tizimni joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

 

Oliy taʼlimga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yoʻnaltirish masalasi ham taqdimotda koʻrib chiqildi.

 

Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni toʻliq taʼminlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball toʻplasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, oʻqishga kirolmay qolishi mumkin.

 

“Yangi tartibga koʻra, muayyan bir yoʻnalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball toʻplagan abituriyent, tanlagan oliy taʼlim muassasasidan qatʼi nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Yaʼni, yuqori ball olgan yoshlar oʻqishga kirmay qolmaydi”, deyiladi xabarda.

 

Shu qatorda endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanishi ham aytildi. Bu albatta yaxshi yangilik.

 

 

Prezident yigʻilishda tizimni adolatli yoʻlga qoʻyish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini taʼkidlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//