“Bahorni quvib” nomli yangi psixologik drama suratga olinadi

Saqlash
22:29 / 13.04.2024 1743 0

Atoqli adib Erkin Aʼzam ssenariysi asosida yangi kinokartina suratga olinadi, deb xabar berdi OʻzA.

 

Film rejissyori “Parizod”, “Telba”, “Kechikkan hayot” filmlarini suratga olgan Ayub Shahobiddinov boʻlib, hozirda u ushbu yangi kartina ustida ish boshlagan.

 

 

Maʼlum boʻlishicha, navbatdagi film psixologik drama janrida boʻlib, “Bahorni quvib” deb nomlanadi.

 

U Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Oʻzbekfilm” tomonidan suratga olinadi.

 

Ayub Shahobiddinovning maʼlum qilishicha, tasvirga olish ishlari Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

 

Rejissyor allaqachon viloyatgia borib, filmni tasvirga olish joylari bilan tanishgan.

 

Maʼlumot uchun, film ssenariysini Erkin Aʼzam yozgan. Operator – Diyor Ismatov. Liboslar boʻyicha rassom esa Zuhra Gʻaniyeva. Kompozitor – Abulqosim Muinzoda.

 

Filmda bosh qahramon koʻplab qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Hayotda oʻz oʻrnini topgach, oradan oʻttiz yil oʻtib, maʼlum sabablarga koʻra badargʻa etilgan qishlogʻiga qaytadi. Asosiy voqeliklar shundan keyin boshlanadi.

 

Ushbu filmda taqdir sinovlarini mehr va shafqat bilan qarshi olish haqida soʻz boradi.

 

Hozirda kinoloyiha boʻyicha jarayon davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//