Telegram kanal adminlariga pul berishni boshladi

Saqlash
14:40 / 01.04.2024 1660 0

Ijtimoiy tarmoq tarixidagi eng saxiy mukofot tizimlaridan birini taqdim etmoqdamiz. Telegram kanallar egalari endi kanallarida namoyish qilingan reklamadan tushgan daromadning 50 foiz qismini olishi mumkin, deb xabar berdi platforma jamoasi.

 

Maʼlum boʻlishicha, 31-martdan boshlab kamida 1000 ta obunachiga ega ommaviy kanal egalari kanallarida namoyish qilingan reklamalardan tushgan daromadning 50 foiz qismi bilan mukofotlanadi.

 

Kanal egalari mukofotlarini komissiyasiz yechib olishi yoki ularni Telegram reklamalari, kolleksiya qilinadigan foydalanuvchi nomlari yoki Premium yutuqli oʻyinlarga qayta investitsiya qilishi mumkin.

 

“Kanalingiz monetizatsiya statistikasini koʻrish uchun Kanal sozlamalari > Statistika > Monetizatsiya rukniga kiring. Kanal egalari uchun yechib olish imkoniyati kelgusi haftalarda Fragment saytida paydo boʻladi”, deyiladi xabarda.

 

Xabarga koʻra, mukofotlash dasturi uchun platforma Toncoin (TON blokcheyni asosida ishlovchi kriptovalyuta) bilan xarid qilish mumkin boʻlgan yangi turdagi reklamalarni taqdim etmoqchi.

 

“Biz TON blokcheynini past komissiyalar, oʻtkazmalarni qayta ishlashning yuqori tezligi va soniyasiga rekord hajmdagi oʻtkazmalarni dastaklashi sababli tanladik. 

Endi istalgan foydalanuvchi Toncoin evaziga minimal byudjet bilan Telegram'dagi bot yoki kanalini reklama qilishi mumkin. Reklama xabarini yaratganda joylash uchun muayyan kanallarni tanlaysiz, buning evaziga siz reklama namoyish qilinadigan kontekstni toʻliq nazorat qilasiz”, deb yozadi Telegram jamoasi.



 

Jamoa, shuningdek, Telegram'dagi reklama xabarlari boshqa platformalardagi reklamaga oʻxshamasligini tushuntiradi. Yozilishicha, reklamalar faqat yirik ommaviy kanallarda chiqadi. Ular chatlarda, chatlar roʻyxatida yoki ilovaning boshqa ekranlarida hech qachon chiqmaydi.

 

Telegram yangi reklamalarni targetlash uchun shaxsiy maʼlumotlardan foydalanmasligi ham xabarda eslatib oʻtilgan. Reklama xabarlari mazmuni faqat ular chiqadigan muayyan kanallarga bogʻliq, kanal egalari esa namoyishlar uchun mukofotlar oladi.

 

 

“Biz reklamalar hatto kontent ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlasa-da, hammaga ham yoqmasligini tushunamiz. Yaxshiyamki, Telegram'da istalgan kishi Telegram Premium'ga obuna boʻlish orqali reklamalarni faolsizlantirishi va oʻnlab eksklyuziv funksiyalar, jumladan, yangi Telegram Biznes funksiyalariga ega boʻlishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//