Endi Qozogʻistonda Navroʻz bayrami 10 kun boʻladi

Saqlash
15:15 / 15.03.2024 2217 0

Qozogʻistonda Navroʻz bayrami endi har yili 10 kun nishonlanadi. Bu 10 kunlik 14–23-mart sanalarini oʻz ichiga oladi. Bu haqida Madaniyat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sobit Barliboyev maʼlum qilgan.

 

 

Uning aytishicha, hozirda bayram logotipi tasdiqlanib, mamlakatning barcha hududlariga joʻnatilgan.

 

Rasmiy, shuningdek, mazkur 10 kunlikning oʻtkazilish tartibi bilan oʻrtoqlashgan.

 

“14 mart — “Yaratilish kuni” – “Amal bayrami” deb ataladi. Mamlakatning gʻarbiy viloyatlarida bu anʼana saqlanib qolgan. Bugungi kunda ushbu bayramni barcha hududlarda nishonlash taklif etilmoqda. Bu xalq uchun hurmatli va oʻziga xos anʼanadir. 15-mart “Mehr-muruvvat kuni” deb eʼlon qilindi. Biz bu kunni butun mamlakat boʻylab xayriya, mehr-oqibat va yaxshi qoʻshnichilikka bagʻishlaymiz. Jamiyatda xayriya madaniyatini shakllantirish, mehr-oqibat va oʻzaro yordam qadriyatlarini rivojlantirish zarur. 16-mart “Madaniyat va milliy anʼanalar kuni” deb eʼlon qilindi. Bu kun madaniyatimiz, sanʼatimiz va milliy qadriyatlarimizni targʻib qilishga bagʻishlangan”, – deydi qoʻmita raisi oʻrinbosari.

 

Bundan tashqari, qoʻshni davlatda 17-mart “Shaniroq kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda oilaviy qadriyatlarni targʻib etishga bagʻishlangan madaniy tadbirlar oʻtkaziladi.

 

18-mart esa milliy kiyimlarga bagʻishlanadi. Umuman olganda, Navroʻzning butun 10 kunligi davomida mamlakatning barcha hududlarida milliy liboslarni targʻib qilishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etiladi.

 

“19-mart – “Yangilanish kuni”. Bu kunda bahorgi daraxt ekish anʼanalarini davom ettirish taklif etiladi. 20-mart “Milliy sport turlari kuni” deb eʼlon qilindi. Navroʻzning 7-kunida mamlakatimizning barcha hududlarida milliy sport turlari boʻyicha turli musobaqalar tashkil etiladi”, — deydi Barliboyev.

 

Rasmiy asosiy kun, 21-martni “Birdamlik kuni” deb eʼlon qilish taklif qilinganini aytadi. Bundan maqsad – keng aholi oʻrtasida tinchlik va hamjihatlikni targʻib qilish, bir-biriga hurmatni oshirish.

 

22 mart — “Yil boshi” boʻlib, shu kuni mamlakatning barcha hududlarida umumrespublika madaniy va sport tadbirlari oʻtkazilib, bayram uchun etnoovullar va turli yarmarkalar tashkil etiladi.

 

Rasmiyning aytishicha, 14–23-mart kunlari “Navroʻz-bozorlik” mavsumi deb eʼlon qilindi. Aynan shu kunlarda chakana savdo nuqtalarida katta savdo yarmarkalari boʻlib oʻtadi.

 

“Yangi yilni yangi maqsad va yangi umid bilan kutib olish ramzi sifatida Navroʻzning soʻnggi kuni – 23-mart “Poklanish kuni” deb eʼlon qilindi. Shu kuni Qozogʻistonning barcha hududlarida umummilliy ekologik aksiya oʻtkaziladi”, — deydi S.Barliboyev.

 

Maʼlumot uchun, ayni kunlarda Qozogʻistonda Navroʻz bayrami kunlari boshlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//